Bo'stonliq tog'larida soyga tushib ketgan fuqaro qutqarildi

Toqqa dam olish uchun chiqqan fuqaroning oyog'i sirpanib ketib, soyga yiqilgan

Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi

Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi

Bir guruh fuqarolar Boʻstonliq tumanidagi toqqa dam olish maqsadida chiqib, ulardan biri soyga tushib ketdi. FVV xodimlari uni qutqarib qoldi.

4-yanvar kuni Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi toqqa dam olgani chiqqan fuqarolardan biri soyga tushib ketdi. Favqulodda vaziyatlar vazirligining maʼlum qilishicha, uning hayoti saqlab qolindi.

Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining tezkor boshqaruv markaziga bir guruh fuqarolar Boʻstonliq tumanidagi togʻlarga dam olish maqsadida chiqib, ulardan birining oyogʻi sirpanib, soyga tushib ketgani va chiqolmayotgani toʻgʻrisida xabar kelib tushgan.

Aytilgan manzilga Chimyon yongʻin-qutqaruv otryadi qutqaruvchilari yetib borib, qidiruv-qutqaruv ishlarini amalga oshirgan. Ular tomonidan soyda qolib ketgan fuqaro qutqarib qolingan va sogʻ-salomat pastga olib tushilgan.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonning 6 ta viloyatida 5−10-yanvar kunlari kutilayotgan vaqti-vaqti bilan yogʻingarchilik hamda havo haroratidagi oʻzgarishlar sababli qor koʻchish xavfi eʼlon qilingan. Shuningdek, 9-yanvardan Oʻzbekistonga Volgaboʻyi hududlaridan sovuq havo massasi kirib kela boshlaydi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling