Umra vizalari muddati uzaytirilmoqda

Saudiya Arabistoni podshohligi hojilar soni koronavirus tarqalishidan oldingi holatiga qaytarilishini bildirdi

Foto: Accor hotels

Foto: Accor hotels

Haj va Umra vaziri doktor Tavfiq bin Favzon ar–Rabiʼa musulmonlarni xursand qiladigan xabarni ochiqlab, hojilar soni shartlarsiz yoki yoshni chegaralamagan holda, 1444 hijriy yilgi Haj mavsumida koronavirus tarqalishidan oldingi holatiga qaytarilishini maʼlum qildi.

Shuningdek “Espo al-Haj” Haj va Umra xizmatlari konferensiyasi va koʻrgazmasi ochilishi marosimida umrachilarni toʻla sugʻurta qilish toʻlovlari taxminan 23,5 dollarga va hojilarni sugʻurta qilish toʻlovlari taxminan 7,73 dollarga pasaytirilishini ham bildirdi.

Vazir podshohlik Makkadagi haramni kengaytirishga aloqador infrastrukturani bunyod etishga jami 53,33 mlrd dollardan ziyod mablagʻ sarflaganini koʻrsatib oʻtdi. Bu tarixdagi eng katta qurilish loyihasiga aylandi.

Rahmon mehmonlariga xizmat koʻrsatadigan podshohlikdagi eng katta aeroport, yaʼni Jiddadagi "Podshoh Abdulaziz" nomidagi xalqaro aeroport bunyod etildi. Qurilish ishlariga 10,67 mlrd dollardan ziyod mablagʻ sarflandi. Makka al–Mukarrama va Madina al–Munavvarani bogʻlaydigan Ikki muqaddas masjid temiryoʻli qurilishig 17,07 mlrd dollardan ziyod mablagʻ ishlatildi.

Mazkur temiryoʻl safar vaqtini ikki soatga kamaytirdi. Avvallari yoʻlga 6 soatdan koʻproq vaqt ketardi.

Vazir hojilar soni yoshni chegaralamagan holda, koronavirus tarqalishidan oldingi holatiga qaytarilishi xushxabarini eʼlon qildi. 

Doktor Tavfiq bin Favzon ar–Rabiʼa umrachilarga bir qator yengilliklar berilishiga eʼtiborni qaratib, ular Umra vizasi bilan podshohlikning barcha yerlariga borishlari uchun imkoniyat yaratilganini bildirdi. Ayni vaqtda boshqa turdagi vizalarni olganlarga Umra manosiklarini ado etishga ruxsat berilishini koʻrsatib oʻtdi.

Shuningdek Umra vizalari muddati 30 kundan 90 kunga uzaytirilmoqda. Boshqa tomondan “Nusuk” platformasi ishga tushirilib, 24 soat ichida elektron viza olish imkoniyati yaratildi. 

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling