Turkiyaga Oʻzbekistondan insonparvarlik yordamining yangi partiyasi yetib bordi

Bortda umumiy soni 71 kishidan iborat qoʻshimcha qidiruv-qutqaruv va tibbiyot xodimlari guruhi bilan bir qatorda, navbatdagi gumanitar yordam partiyasi ham yetkazildi.

Foto: TIV

Foto: TIV

Oʻzbekistondan gumanitar yordam olib ketgan uchinchi samolyot Turkiyaga yetib bordi, deya xabar bermoqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati. Il-76MD harbiy samolyoti 9-fevral, chorshanba kuni ertalab Gaziantepga qoʻndi.

Bortda umumiy soni 71 kishidan iborat qoʻshimcha qidiruv-qutqaruv va tibbiyot xodimlari guruhi bilan bir qatorda, navbatdagi gumanitar yordam partiyasi ham yetkazildi.

Jabrlanganlarga yordam berish maqsadida Mudofaa vazirligi tibbiy otryadining 50 nafar xodimi xizmat qiladigan bir gektar maydonga toʻqqizta alohida boʻlinmadan iborat koʻchma shifoxona majmuasini joylashtirish rejalashtirilgan.

Mudofaa vazirligining maʼlum qilishicha, harbiy-tibbiy otryad tarkibida tajribali tibbiyot xodimlaridan tashqari kinologlar (xizmat itlari bilan) va taʼminotchilar ham bor boʻlib, ular oʻz yoʻnalishi boʻyicha barcha kerakli anjom va uskunalar bilan taʼminlangan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling