Foto: O'zbekiston TIV
Oʻzbekistonda 2023-yilda Moʻgʻuliston elchixonasi ochilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda 8-mart kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Moʻgʻuliston tashqi ishlar vaziri Batmunx Batsetseg ishtirokida oʻtkazilgan uchrashuvda maʼlum qilindi. Hozirda mamlakatda Moʻgʻulistonning faxriy konsulligi mavjud.
“Moʻgʻulistonning Oʻzbekistonda elchixonasini ochish qarorini olqishlaymiz. Soʻnggi yillarda ikki tomonlama aloqalar istisnosiz barcha sohalarda ijobiy surʼat koʻrsatmoqda”, — deb yozgan Baxtiyor Saidov oʻzining Telegram kanalida.
Yil boshida Batmunx Batsetseg Moʻgʻuliston Oʻzbekistonni Markaziy Osiyo mintaqasida iqtisodiy va savdo ishtirokini kengaytirish uchun muhim davlat sifatida koʻrishini maʼlum qilgan edi.
Vazirlik xabariga koʻra, uchraushvda oʻzaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini kengaytirish, TIVlararo maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasini oʻtkazish, savdo aylanmasini diversifikatsiya qilish va qoʻshma hamkorlik loyihalarini amalga oshirish boʻyicha takliflar muhokama qilingan.
Qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Moʻgʻuliston ishchi guruhi va Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish masalalarini oʻrganish boʻyicha kelishuvga erishilgan.
7-mart kuni boshlangan va 10-martga qadar davom etadigan tashrif doirasida Batmunx Batsetseg va Moʻgʻulistonning boshqa rasmiy vakillari Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi, sarmoya, sanoat va savdo, transport vazirliklari hamda Vazirlar Mahkamasida ham uchrashuvlar oʻtkazmoqda.
Bu 1992-yilda ikki davlat oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganidan beri Moʻgʻuliston tashqi ishlar vazirining Oʻzbekistonga ilk tashrifidir, deb xabar beradi Moʻgʻuliston TIV saytida. Moʻgʻuliston prezidenti esa Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun kuzda Oʻzbekistonga tashrif buyurgandi.
Oʻtgan yili Moʻgʻuliston Oʻzbekiston fuqarolari uchun 30 kunlik muddatga vizasiz rejim joriy qilgandi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling