O'zbekiston fuqarosi Ukraina hududida qurolli to'qnashuvda qatnashib halok bo'ldi

Rossiyada musofir boʻlib ishlagan 43 yoshli Qoraqalpogʻiston fuqarosi jangovar harakatlar natijasida halok boʻldi.

Videodan kadr

Videodan kadr

Joriy yilning 30-yanvar kuni Rossiya tomonidan Ukraina hududida jang qilgan 43 yoshli F.X.ning jasadi Oʻzbekistonga yetkazildi, deb xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.

Marhum Qoraqalpogʻistonning Ellikoʻl tumanidan boʻlgan. Rossiyada u mehmon ishchisi sifatida ishlagan.

Avvalroq internetda Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan ushbu mamlakat hududida jang qilgan goʻyoki ikki oʻzbekistonlik qoʻlga olingani aks etgan video tarqalgan edi.

Shundan soʻng Oʻzbekistonning Ukrainadagi elchixonasi tasdiqlanmagan maʼlumotlarni tarqatmaslikka va barcha holatlarga yakuniy oydinlik kiritilishini kutishga chaqirgan.

Eslatib oʻtamiz, JKning 154-moddasiga (Yollanish) muvofiq, nizolashayotgan davlatning fuqarosi yoki harbiy xizmatchisi hisoblanmagan yoxud nazorat qilinib turgan nizolashayotgan davlat hududida doimiy yashamaydigan yoki hech qanday davlat tomonidan qurolli kuchlar tarkibida rasmiy topshiriqni bajarish vakolati berilmagan shaxsning moddiy manfaatdorlik yoki boshqa biron shaxsiy manfaatni koʻzlab, oʻzga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli toʻqnashuvda yoxud harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanish besh yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling