O'zbekistonga anomal sovuq kirib kelmoqda: undan birinchi bo'lib kimlar saqlanishi kerak?

Anomal sovuqda alkogol va tamaki isteʼmol qilishdan voz kechish tavsiya qilindi

Foto: Repost.uz

Foto: Repost.uz

Gidrometeorologiya xizmati maʼlumotlariga koʻra, bugundan O'zbekistonga Volgaboʻyi hududlaridan sovuq havo massasi kirib kelishi boshlanadi.

Xoʻsh, bunday anomal harorat inson salomatligiga qanday taʼsir etadi? Uning zararli oqibatlaridan saqlanish usullari nimalardan iborat?

Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Elmira Bositxonova shu haqdagi tavsiyalari bilan oʻrtoqlashdi.

"Qattiq sovuqda koʻpincha qon tomirlarining keskin torayishi kuzatiladi. Ayniqsa, gipertoniya, bosh miya qon tomirlari aterosklerozi, insult va infarktdan keyingi holat, stenokardiya kabi kasalliklar bilan ogʻrigan bemorlarga bunday noqulay ob-havo salbiy taʼsir koʻrsatadi. Ularni bosh va yurak sohasidagi ogʻriqlar bezovta qiladi", — deydi vazir oʻrinbosari.

Shuningdek, bronx va oʻpka xastaliklari, xususan, bronxial astmaga chalingan bemorlarda kasallikning faol davridagi asoratlar zoʻrayadi. Yaʼni uydan koʻchaga chiqqanda, bronxospazm yoki stenokardiyaning xuruj qilish xavfi ortadi. Shu sababli bunday insonlar shifokor tavsiyasi bilan yonida doimiy ichib yuradigan dorilarini olib yurishi shart.

Qolaversa, anomal sovuq teri va buyrak kasalligi bor bemorlarning umumiy holati yomonlashuviga ham sabab boʻlishi mumkin. Chunki bunday sharoitda tana aʼzolarining muzlab qolish ehtimoli yuqori.

Shu bois sovuq qotishning oldini olish uchun koʻchaga chiqqanda issiq va qalin kiyimlar kiyish lozim. Bunda, qoʻlqop va jun paypoqlardan foydalanish juda muhim. Ayniqsa, bosh va yirik qon tomirlari joylashgan boʻyin qismini issiq tutish talab etiladi. Sababi boʻyindagi tomirlar inson bosh miyasini qon bilan taʼminlaydi.

Anomal sovuqda alkogol va tamaki isteʼmol qilishdan voz kechgan maʼqul. Boisi bu zararli odatlar qon tomirlarini keskin toraytirib, qoʻl va oyoqning qisqa muddatda muzlashiga sabab boʻlishi mumkin.

Qattiq sovuq havo inson terisini haddan ortiq quritib yuboradi. Shu bois koʻchaga chiqishdan avval tarkibida suv boʻlgan dori vositalarini teriga surtmagan maʼqul. Aksincha, yogʻli kremlarni qoʻllash tavsiya etiladi.

Sovuq kunlari ertalab, albatta, nonushta qilish kerak. Och qolish tananing tez muzlashi va immunitet zaiflashishiga sabab boʻladi. Isteʼmol qilinadigan taomlar kaloriyasi issiq kunlarga nisbatan 25-30 foizga oshirilishi maqsadga muvofiq. Bunda, issiq va suyuq ovqatlar juda foydali.

Anomal sovuq kunlari ochiq havoda kamroq boʻlish, bolalar va keksalarning koʻchaga chiqmasligi tavsiya etiladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling