Fargʻonada kelinining boshini uzib, daraxtga ilib ketgan qaynota 13 yilga qamaldi

64 yoshli qaynota 34 yoshli kelini bilan janjallashib, uni vahshiylarcha oʻldirgan.

Videodan kadr

Videodan kadr

Fargʻona viloyatida kelinini urib hushidan ketkazib, keyin uning boshini uzib olgan 64 yoshli qaynotaga nisbatan sud hukmi oʻqildi.

Maʼlum qilinishicha, voqea 2022-yil 1-oktyabr kuni Qoʻshtepa tumani “Qumdon” MFYdagi xonadonlardan birida sodir boʻlgan.

1958-yil tugʻilgan erkak kelini, yaʼni kenja farzandining xotini bilan oʻzaro janjallashib qolgan. Janjal davomida qaynota tomonidan boʻyin qismiga qattiq zarb bilan urilishi sabab 1988-yilda tugʻilgan kelin hushini yoʻqotib, yerga yiqilgan.

Qaynota hushsiz yotgan kelinini uyda hech kim yoʻqligidan foydalanib, uyidagi Matizʻda Fargʻona tumani Oqbuloq qishlogʻidagi adirlikka olib borgan.

Shundan soʻng, u oshxona pichogʻi bilan kelinining bosh qismini tanasidan butkul ajratib olgan. Ajratilgan boshni qora sellofan paketga solib, Oltiariq tumani “Fayzobod” MFYdagi yoʻl chetida joylashgan archa daraxti orasiga ilib ketgan.

Sud-tibbiy ekspertizasining xulosasiga koʻra, marhuma ogʻir tan jarohati olgani va koʻp qon yoʻqotgani oqibatida vafot etgan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Qoʻshtepa tuman sudi tomonidan ayblanuvchiga nisbatan sud hukmi oʻqildi. Sudlanuvchi JKning 97-moddasi 2-qismi va 134-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topildi. U 13 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling