Foto: UzDaily.uz
UzAuto Motors 4-yanvardan boshlab kontraktatsiya shartnomasini tuzish, barcha avtomobillarni topshirish va toʻlovlarni qabul qilishni vaqtincha toʻxtatdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, bu kompaniyaning SAP hisob dasturiy taʼminotini amalga oshirish va mahsulot inventarizatsiyasi oʻtkazayotgani bilan bogʻliq.
Bundan tashqari, dasturiy taʼminotni ishga tushirish tadbirlaring oʻtkazilishi munosabati bilan UzAvtoSavdo ilovasi faoliyati ham vaqtincha toʻxtatib turilishi mumkin.
Dasturiy taʼminotni yangilash va inventarizatsiya ishlari yakunlangandan soʻng, kontraktatsiya shartnomalarini tuzish, oldindan toʻlovni qabul qilish va avtomobilni yetkazib berish toʻliq hajmda qayta tiklanadi.
Xabarga koʻra, 2022-yil, yangi yil arafasida avtomobil yetkazib berish boʻyicha shartnoma tuzgan va 7 kun ichida oldindan toʻlovni amalga oshira olmagan shaxslar ish qayta tiklanganidan soʻng, avtomobil uchun oldindan toʻlovni amalga oshirishi mumkin.
Shu bilan birga, ular tomonidan avtomobil yetkazib berish boʻyicha tuzilgan shartnomalar oʻz kuchida qoladi, faqat oldindan toʻlov muddati uzaytiriladi.
“UzAuto Motors kompaniyasi isteʼmolchilardan 4-5 kun davom etishi mumkin boʻlgan vaqtinchalik noqulayliklarni tushunishlarini soʻrab qoladi”, — deyiladi kompaniya xabarida.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling