O'zbekistondan Afg'onistonga temir yo'l qatnovi vaqtincha to'xtatildi

Bunga Afg'oniston o'z majburiyatlarini bajarmagani sabab bo'ldi.

Foto: O'zbekiston temir yo'llari

Foto: O'zbekiston temir yo'llari

1-fevraldan boshlab Oʻzbekistondan Afgʻonistonga temir yoʻl qatnovi vaqtincha toʻxtatildi. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” korxonasi bunga 2 davlat oʻrtasida tuzilgan shartnoma oʻz vaqtida bajarilmagani sabab boʻlganini maʼlum qildi.

Avvalroq — 26−30-dekabr kunlari Termiz shahrida 2 davlat vakillari oʻrtasida temir yoʻl masalalari yuzasidan uchrashuvlar boʻlib oʻtgandi. Unda 2023-yilning 1-fevraliga qadar Afgʻoniston hududidagi texnik ishlar bosqichma-bosqich “Afgʻon temir yoʻllari” ishchilari tomonidan amalga oshirilishi boʻyicha “Harakatlar rejasi” kelishilgandi.

Shuningdek, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” tarkibiga kiruvchi “Sogdiana trans” SHK va Afgʻon temir yoʻl boshqarmasi oʻrtasida tomonlar bajaradigan ishlar roʻyxati belgilangan va 27-yanvarga qadar yangi shartnoma imzolanishiga kelishilgan.

Biroq Afgʻoniston temir yoʻl boshqarmasi kelishilgan chora-tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshira olmayotgani sababli 1-fevraldan boshlab qatnovlar vaqtincha toʻxtatilishi maʼlum qilindi. Keltirilishicha, Gʻalaba-Hayraton temir yoʻli ochilishi haqidagi maʼlumotlar toʻldiriladi.

Afgʻonistondagi Hayraton-Mozori Sharif temir yoʻli 2010-yilda qurilib, 2011-yildan boshlab temir yoʻlning barcha xizmatlari “Sogdiana trans” SHK tomonidan amalga oshirilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling