Videodan lavha
Jizzax viloyatida ichki ishlar organlarini obroʻsizlantirishga qaratilgan video tayyorlab, uni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan fuqarolar qamaldi, deya xabar bermoqda Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati.
Videoda haydovchini toʻxtatgan IIO xodimi rolidagi erkak, unga yutuqli oʻyinda qatnashish imkoni paydo boʻlganini aytib, 100 dollar tikib, pulini ikki baravarga koʻpaytirishi yoki puldan ayrilishi haqida gapirganini koʻrish mumkin.
Ushbu holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilib, fuqarolarning shaxsiga aniqlik kiritilgan. Toʻplangan hujjatlar jinoyat ishlari boʻyicha Gʻallaorol tumani sudi tomonidan koʻrib chiqilgan.
“Oʻzim vayn sohasida kulgi yoʻnalishi boʻyicha videolar qilish boʻyicha ishlayman. Hozirgi videoni ham oʻzim bilmagan holda besh kun oldin Rossiya kanallarining birida koʻrib, tarjima qilganman va Oʻzbekistonga chiqarganman. Lekin bundan maqsad biror organ xodimining ustidan kulish emas, odamlarga sof kulgi ulashish maqsadida qilganman. Xodimlarning formasidan foydalanish mumkin emasligini hozir tushuntirishdi, bu boshqa takrorlanmaydi”, — dedi video qahramonlaridan biri sud majlisida.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling