Oʻzbekistonda hafta davomida yana -15 daraja sovuq boʻlishi kutilmoqda

Sinoptiklar ushbu hafta kuzatilishi mumkin boʻlgan ob-havo haqida maʼlumot berdi.

Foto: Repost.uz

Foto: Repost.uz

Bugun va ertaga Oʻzbekiston hududi iliq havo massasi taʼsiri ostida boʻladi. Respublika hududining katta qismida yogʻingarchilik kutilmaydi, faqat 6-fevral kuni respublika janubida, 7-fevralda Fargʻona vodiysi viloyatlarida biroz yomgʻir yogʻishi mumkin. Havo harorati 6-fevralda +7...+12 daraja iliq, 7-fevralda +10...+15 baʼzi joylarda +18 daraja iliq boʻladi.

8-fevralda Oʻzbekiston hududiga Oʻrta yer dengizi hududlaridan nam havo kirib kelishi kutilmoqda. Respublikaning baʼzi joylarida yomgʻir yogʻadi, ayrim joylarda momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Fargʻona vodiysi viloyatlarida yogʻingarchilik kutilmaydi.

Havo harorati kechasi +2...+7 daraja iliq, kunduzi +10...+15 daraja iliq atrofida, baʼzi joylarda +17...+20 daraja iliq boʻladi.

9-10-fevral kuni Oʻzbekiston hududiga markazi Rossiyaning Yevropa qismi ustida shakllangan sovuq antitsiklon qismi kirib keladi.

Respublika boʻyicha vaqti-vaqti bilan yogʻingarchilik (yomgʻir qorga aylanadi) boʻladi. Togʻoldi va togʻli hududlarda kuchli yogʻingarchilik boʻlishi mumkin.

Havo harorati pasayadi. 9-fevralda respublika hududining katta qismida kechasi va kunduzi +4...+9 darada iliq, 10-fevralda kechasi 0...-5 daraja sovuq, kunduzi -2 daraja sovuq +3 daraja iliq boʻladi. Respublika shimolida harorat kechasi -7...-12 daraja sovuq, Ustyurtda -15 daraja sovuq, kunduzi -2...-7 daraja sovuq boʻladi.

7-9-fevral kuni respublikaning baʼzi joylarida shamol tezligi soatiga 17-22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling