Qashqadaryoda 37 yil tibbiy chaqiriqlarga eshakda qatnagan hamshiraga orden berildi

Viloyatning togʻli qishlogʻida bemorlarning yoniga eshakda borib, xizmat koʻrsatgan hamshiraga II darajali “Salomatlik” ordeni berildi.

Videodan kadr

Videodan kadr

Qashqadaryoda mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan 37 yil tibbiy chaqiriqlarga eshakda qatnagan hamshira Xolbeka Boboqulova prezident tomonidan II darajali “Salomatlik” ordeni bilan taqdirlandi. Bu haqda viloyat hokimligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 54 yoshli Xolbeka Boboqulova Chiroqchi tumanidagi “Oʻzbekiston” oilaviy shifokorlik punkti patronaj hamshirasi lavozimida ishlaydi.

“Menda texnika yoʻq, kasal chaqirgan payt tezroq yetib borishim kerak. Shu sababli eshakdan foydalanaman. 2-3 km uzoqdagi joylar bor. Bir marta uyga kech kelganimda oyijonimdan (qaynonasi — tahrir) kaltak yeganman”, - deydi 30 yillik tajribaga ega hamshira.

Xolbeka Boboqulova ishlaydigan “Dashtqizilchorva” qishlogʻi Tuman markazidan 30 km uzoqlikda joylashgan boʻlib, togʻli hudud boʻlgani uchun u yerda avtomashinada harakat qilish qiyin.

“2016-yilda eshakdan yiqilib, oʻpkam teshilgan. Shifoxonada 30 kun yotib kelganman. Allohning qudrati, elimning olqishi bilan omon qolganman deymanda, oʻzimcha”, - deydi u.

Taʼkidlanishicha, masʼullar tomonidan bir necha yil avval bu qishloqqa mahalliy tibbiyot konteyneri ham ajratilgan. Hozirda Xolbeka Boboqulova mazkur konteynerdan foydalanadi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling