Videodan kadr
Ijtimoiy tarmoqlarda IIB xodimlari va tadbirkorlar oʻrtasidagi janjal aks etgan video tarqalgan edi. Holat yuzasidan Andijon viloyati IIB Axborot xizmati rasmiy izoh berdi.
Maʼlum qilinishicha, joriy yilning 13-aprel kuni Shahrixon tumani IIB voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor psixolog mayor S.Kamolitdinov “Eshonqishloq” mahallasida xizmat olib borayotgan vaqtida, mazkur mahalla hududidan 2004-yilda tugʻilgan Sh.Sh. Laboʻda yoʻl harakati qoidalarini qoʻpol ravishda buzib, harakatlangan.
Bundan tashqari u oʻzi bilan ikki nafar 2006 va 2007-yilda tugʻilgan voyaga yetmagan bolalarni transportning yukxonasida olib ketayotganligi sabab inspektor uni toʻxtatgan. Ammo, avtomashina haydovchisi bolalarni yukxonadan tushirib, oʻzi voqea joyidan yashiringan.
Shundan soʻng, holatni rasmiylashtirish maqsadida inspektor va kapitan D.Qosimov voyaga yetmagan bolalar bilan IIB binosida suhbatlashgan. Oʻsha vaqtda Labo haydovchisi Sh.Sh., uning akasi 1992-yilda tugʻilgan B.Sh. va tanishi J.B.lar kelib, avtomashinaga nisbatan maʼmuriy jarima qoʻllamaslikni, avtomashinani jarima maydoniga joylashtirilishi goʻyoki uning tadbirkorlik faoliyatiga ziyon yetkazishini vaj qilib, xodimlarning harakatlariga keskin qarshilik koʻrsatgan.
Qolaversa, xizmat olib borayotgan xodimlarni haqorat qilib, ular bilan janjal uyushtirib, mayor S.Kamolitdinovga tan jarohatlari yetkazgan.
Natijada, mayor S.Kamolitdinovga “Bosh yumshoq toʻqimalarining lat yeyishi, chap yelka ichki yuzasi yumshoq toʻqimalari lat yeyishi, koʻkarishi, milk yumshoq toʻqimalarini lat yeyishi” tashxisi qoʻyilgan. B.Sh.da "Boʻyin old qismida shilinma jarohati” mavjudligi aniqlangan.
Yuqoridagi holat yuzasidan Labo haydovchisiga nisbatan MJtKning 128-moddasi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Voqea ishtirokchilari Sh.Sh., B.Sh. va J.B.larga esa MJtKning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) hamda JKning 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik koʻrsatish) bilan hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Hozirda prokuratura organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling