Buxoroda kasb-hunar maktabi o‘quvchisi seyfdan 27,6 mln so‘m o‘g‘irladi

Mazkur holat yuzasidan tuman IIB tomonidan nomaʼlum shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan

Foto: Repost.uz

Foto: Repost.uz

Buxoro viloyati Jondor tumanida kasb-hunar maktabi o‘quvchisi o‘zganing xonadonidan 27,6 million so‘m o‘g‘irladi. Bu haqda Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmatiga tayanib, O‘zA xabar berdi.

Qayd etilishicha, 11-mart kuni nomaʼlum shaxs soat 19:00 dan 23:00 ga qadar bo‘lgan vaqt mobaynida Jondor tumani “Qozoqon” mahallasida yashovchi fuqaroning yashash uyiga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, yotoqxonasidagi temir seyfni kalit tanlash yo‘li bilan ochgan. Natijada seyf ichidagi 27 million 600 ming so‘m pulni o‘g‘irlab, voqea joyidan yashiringan.

Mazkur holat yuzasidan tuman IIB tomonidan nomaʼlum shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, olib borilgan tezkor-texnik va surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni, shu mahallada yashovchi, 2006-yilda tug‘ilgan tumandagi kasb-hunar maktabi 2-bosqich o‘quvchisi M.F. sodir etgani aniqlangan.

Hozirgi kunda ushbu shaxsning viloyat hududlarida sodir etilgan boshqa shu turdagi fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash yuzasidan dastlabki tergov hamda tezkor surishtiruv harakatlari davom etmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling