Foto: Maktabgacha va maktab ta'lim vazirligi
23-yanvar kuni respublikaning barcha umumtaʼlim maktablarida oʻqish jarayonlari boshlandi, xususan, 717 tasida masofaviy shaklda olib borilmoqda, deya xabar berdi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi matbuot xizmati.
Hududlardan olingan maʼlumotlarga koʻra, ayni damda 10 104 ta maktabdan 9387 tasida oʻquv jarayonlari anʼanaviy shaklda, sinf xonalarda havo haroratini meʼyor darajasida saqlash imkoniyati boʻlmagan maktablarda esa oʻquv jarayonlari vaqtincha masofaviy shaklda boshlandi.
Vazirlik tegishli idoralar, hududiy hokimliklar, kommunal xizmati tashkilotlari bilan birgalikda taʼlim muassasalarida oʻqish jarayonlarini tashkil etish yuzasidan zarur choralarni koʻrib, bosqichma-bosqich masofaviy taʼlim shaklida boʻlgan maktablarni ham anʼanaviy shaklga oʻtkazish choralari koʻrilishini maʼlum qildi.
Bundan avval, Sanitariya-epidemiologiya xizmati taʼlim muassasalarining oʻquv xonalarida havo harorati +16 darajadan past boʻlmasligi kerakligini maʼlum qilgandi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling