Oʻzbekiston xalq artisti Murod Rajabov vafot etdi

Oʻzbekiston xalq artisti Murod Rajabov uzoq davom etgan qand kasalligidan soʻng 74 yoshida vafot etdi.

Oʻzbekiston xalq artisti, aktyor Murod Rajabov uzoq davom etgan qand kasalligidan soʻng 74 yoshida vafot etdi. Bu haqda Kinematografiya agentligi xabar berdi.

Oʻzbek kinosining “Temir erkagi” deya eʼtirof etiladigan Murod Rajabov 1949-yilning 30-mart kuni Toshkent shahrida tavallud topgan. 1971-yili sobiq Toshkent teatr va rassomlik institutini tamomlagan. U 1973-yili “Olovli sohil” filmidagi kichik roli bilan sanʼat olamiga kirib kelgan.

U faoliyati davomida “Ajoyib xayolparast”, “Toʻylar muborak”, “Olovli yoʻllar”, “Tangalik bolalar”, “Temir xotin”, “Temir erkak”, “Kichkina tabib”, “Shaytanat”, “Sarvinoz”, “Ulfatlar”, “Super kelinchak”, “Sevginator” singari yuzlab filmlarda suratga tushgan.

Murod Rajabov “Pari momo”, “Ulfatlar”, “Anora”, “Ulfatlar-2”, “Bir kelib keting qishlogʻimizga”, “Ulfatlar-3 yoxud ulfatlar Tailandda” filmlariga rejissyorlik qilgan.

1978-yilda “Bu Qoʻqonda boʻlgan” telefilmidagi roli uchun Hamza nomidagi Oʻzbekiston SSR Davlat mukofoti bilan taqdirlangan. 2008-yilda Oʻzbekiston xalq artisti unvoniga loyiq koʻrilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling