Samarqandda kelin-kuyov is gazidan zaharlanib vafot etdi

Hozirda prokuratura holatni oʻrganmoqda

Foto: Teznews

Foto: Teznews

Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon tumanida 18-yanvar chillasi chiqmagan kelin-kuyov gazdan zaharlanib vafot etdi, deya post qoldirdi huquq faoli Abdurahmon Tashanov oʻzining Facebookʻdagi sahifasida.

Uning maʼlum qilishicha, Oltinsoy qishlogʻida yarim tunda gaz tarmoqdan uzilgan va qayta yoqilgan. Olov oʻchgach, sizgan gaz tufayli uyqudagi kelin-kuyov zaharlangan. Ular ertalab xonadonida oʻlik holda topilgan.

“Tuman gaz idorasi aza boshlanmasidan xonadon egalarini texnika xavfsizligiga rioya qilmaslikda ayblab, dalolatnoma toʻldirib ketishdi. Oʻlganlar daʼvo qilolmaydi: hech kim gazni nega bemahal uzding, nega ogohlantirishsiz yoqding, deyolmaydi… Oʻsha kuni qishloqqa hokim kelgan ekan. Gazchilar bu vallomatga yaxshi koʻrinish uchun gazni balandlatib, masxarabozlik qilishgan. Kechasi chegirib qolamiz, deganmi, bilmayman. Odamlar oʻlishi uchun urush boʻlishi shart emas”, — deb yozadi Tashanov.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov  holat yuzasidan maʼlumot berdi.

Samarqand prokuraturasining aytishi boʻyicha voqea 4 kun oldin boʻlgan ekan. Ota-onasi koʻmib yuborgan va huquqni muhofaza qilish organlariga bu haqda xabar berilmagan. Hozirda prokuratura shu masala bilan shugʻullanyapti, deyiladi munosabatda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling