Kapitalbank va O‘zbekiston nogironlar uyushmasi hamkorlik memorandumini imzoladi

Memorandum inklyuziv bank xizmatlarini rivojlantirish va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay moliyaviy muhitni shakllantirishga qaratilgan.

“Kapitalbank” ATB va O‘zbekiston nogironlar uyushmasi inklyuziv bank xizmatlarini rivojlantirish hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay moliyaviy muhit yaratishga qaratilgan hamkorlik memorandumini imzoladi.

Memorandumning imzolanishi bankning inklyuziv xizmat ko‘rsatish standartlarini joriy etish va qulay infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha olib borayotgan tizimli ishlarining mantiqiy davomi bo‘ldi. Hujjatni imzolash doirasida Uyushma vakillari uchun bankning Yashnobod filiali bo‘ylab sayohat uyushtirildi. Filial Kapitalbankning Toshkentdagi boshqa bo‘linmalari kabi, barcha mijozlarning ehtiyojlari inobatga olingan keng qamrovli inklyuziv makonning namunasidir.

Ekskursiya davomida Uyushma vakillari bank tomonidan mijoz yo‘lining barcha bosqichlarida — filialga kirishdan tortib, bankning raqamli xizmatlaridan foydalanishgacha joriy etilgan inklyuziv yechimlar majmuasi bilan tanishishdi.

Xususan, quyidagilar namoyish etildi:

• eshitish va ko‘rish nuqsoni bo‘lgan mijozlar bilan muloqot qilish imkoniyatlari, shu jumladan surdo tarjimon bilan onlayn video-maslahatlar;

• bank xodimlari tomonidan mijozlarga hamrohlik qilish va personal maslahat berish amaliyoti;

• Brayl alifbosidagi tugmalar va panellarga ega bankomatlar, shuningdek, nogironlar aravachasidagi mijozlar uchun moslashtirilgan balandlikdagi qurilmalar;

• filialda navigatsiya va qo‘llab-quvvatlash elementlari: kirishdagi mnemosxemalar va kuzatuvchi xodimni chaqirish uchun yordam tugmasi;

• elektron navbat terminallari orqali ustuvor xizmat ko‘rsatish;

• Brayl alifbosidagi bank kartalari;

• nogironligi bo‘lgan mijozlar uchun alohida bo‘limga ega Kapitalbankning yangilangan rasmiy veb-sayti;

• xodimlarni inklyuziv xizmat ko‘rsatish standartlari bo‘yicha tizimli o‘qitish va kundalik faoliyatda inklyuziya bo‘yicha korporativ qo‘llanmadan foydalanish.

Mijozlarning real hayot tajribasining bir qismi va inklyuziv mahsulotlarni kundalik bank amaliyotiga joriy etishning yorqin namunasi sifatida delegatsiya a’zolaridan biriga Brayl alifbosidagi bank kartasi rasmiylashtirildi. Yaqin kelajakda bank xizmatlarini yanada qulayroq qilish maqsadida bankomatlar tarmog‘ida asosiy amaliyotlarni ovozli yo‘riqnoma bilan ta’minlash va boshqa inklyuziv yechimlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Memorandumni imzolash barcha mijozlarimiz uchun to‘siqlarsiz bank muhitini yaratish yo‘lidagi muhim qadamdir. Biz korporativ madaniyatimizni hurmat, e’tibor va teng imkoniyatlar tamoyillari asosida shakllantirmoqamiz. Uyushma bilan hamkorlik bizga ommabop xizmatlarni yanada samarali rivojlantirish, bankning kundalik faoliyatida haqiqiy o‘zgarishlarni amalga oshirish va moliyaviy xizmatlarni har bir mijoz uchun qulay qilish imkonini beradi, — ta’kidladi “Kapitalbank” ATB Boshqaruv raisi Kirill Mayevskiy.

Biz uchun inklyuzivlik — bu avvalo amaliy yechimlar. O‘zbekiston nogironlar uyushmasi bilan hamkorlik ayri tashabbuslardan tizimli ishlashga o‘tish, xususan, xizmatlarni sinovdan o‘tkazish, mijozlarning haqiqiy tajribasini hisobga olish va barcha uchun ochiq bo‘lgan bank infratuzilmasini shakllantirish imkonini beradi. Aynan shunday yondashuvni biz professional va barqaror deb hisoblaymiz, — deydi "Kapitalbank" ATB Kuzatuv Kengashi raisi maslahatchisi, “Teng imkoniyatlar” loyihasi kuratori Oksana Lindina.

O‘zbekiston nogironlar iyushmasi 2018-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda 46 ta jamoat tashkilotini hamda 12 ta hududiy bo‘limni birlashtiradi va nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan faoliyatni olib boradi.

Kapitalbank o‘z infratuzilmasi va ESG kun tartibining ajralmas qismi sifatida inklyuzivlikni rivojlantirishni davom ettirmoqda. Bank moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini barqaror rivojlanish va mijozlar ishonchini ta’minlashning muhim omili deb hisoblaydi. O‘zbekiston nogironlar uyushmasi bilan hamkorlik kelajakda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Reklama huquqlari asosida

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling