Turkiyada O'zbekiston va Tojikiston fuqarosi teraktda gumonlanib qo'lga olindi

Turkiya huquq-tartibot idoralari Istanbulda sodir etilishi rejalashtirilgan qonli teraktning oldini olgani aytilmoqda

Foto: Sabah.com

Foto: Sabah.com

Sabah nashri xabariga koʻra, Istanbul shahri politsiyasi qoʻporuvchilik harakatini amalga oshirishda gumonlanayotgan Oʻzbekiston va Tojikiston fuqarolariga qoʻlga olgan.

Maʼlum boʻlishicha, gumondorlar 2022-yilning 31-dekabr kuni, yangi yil kirishiga bir necha soat qolganda ushlangan. Ikki shaxs politsiya taʼqibidan mashinada qochishga uringan. Politsiyachilar mashina baloniga oʻq otib ularni toʻxtatishga muvaffaq boʻlgan.

“Abu Maymuna” laqabli Oʻzbekiston fuqarosi portlovchi moddalari boʻyicha mutaxassis ekani, ijtimoiy tarmoqlarda terrorchilik gʻoyasini targʻib etgani xabar qilingan. Sabah nashri uni deportatsiya qilish choralari koʻrilayotganini bildirgan.

Turkiya huquq idoralariga koʻra, Oʻzbekiston fuqarosi va Tojikiston vatandoshi Afgʻonistondagi ISHID terrorchi tashkilotidan koʻrsatma olgan holda Istanbul shahrida 2017-yildagi kabi qonli terakt sodir etishni rejalashtirgan.

Eslatib oʻtamiz, oʻzbekistonlik Abdulqodir Masharipov 2017-yilning 1-yanvarida Istanbuldagi “Reina” tungi klubiga bostirib kirib, avtomatdan oʻt ochgan va 39 kishini oʻldirgan, yana oʻnlab odamni jarohatlagan edi. Ushbu hujum uchun javobgarlikni ISHID terrorchi tashkiloti oʻz zimmasiga olgan.

2020-yil sentyabr oyida Turkiya sudi 32 yoshli Masharipovga 40 ta umrbod qamoq jazosi tayinlagan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling