Foto: Uzpharmacy
Oʻzbekistonda immunobiologik preparatlar va onkologik kasalliklarni davolovchi dori vositalari ishlab chiqariladi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov maʼlum qildi.
Prezidentning Singapurga davlat tashrifi doirasida farmatsevtika yoʻnalishi boʻyicha ikkita kelishuv bitimi imzolandi.
Ushbu mamlakatning “Meynxardt Grup” kompaniyasi hamkorligida tashkil etilayotgan Loyihalashtirish va injiniring markazi bilan immunobiologik preparatlar ishlab chiqaruvchi, umumiy qiymati 49 mln dollarga teng farmatsevtika korxonasi ochilishi belgilandi.
Mamlakatda kasalliklar profilaktikasi va davolash jarayonida qoʻllaniladigan quyidagi preparatlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi:
- vaksina, anatoksin, probiotik va eubiotiklar;
- immunoglobulin va immun zardoblari, gen injenerligi yoʻli bilan olingan monoklonal antitanalar;
- immun korreksiyasi, immun tanqisligi muolajasi va profilaktikasida qoʻllaniladigan immunomodulyatorlar (interleykin, interferon, timus gormonlari, miyelopeptidlar, oʻsma nekrozi omili, oʻsish omillari va boshqalar).
Bundan tashqari, “SiPiDji Interneyshnl” kompaniyasi hamkorligida ochilayotgan Oʻzbekiston — Singapur investitsiya korxonasi bilan ildiz hujayralari asosida dori vositalari tayyorlovchi biofarmatsevtika kompleksini tashkil etishga qaratilgan qiymati 100 mln dollarlik loyihani amalga oshirishga kelishildi.
Loyihaning amalga oshirilishi tufayli onkologik kasalliklar muolajasi, koʻmik toʻqimalari transplantologiyasi hamda markaziy asab tizimi hujayralarini tiklashda qoʻllaniladigan biofarmatsevtik vositalar ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling