Sadir Japarov Qirgʻizistonning barcha sobiq prezidentlarini Dubayga toʻpladi

“Sobiq prezidentlar xafaliklarini aytishdi va kamchiliklarini tan olishdi. Eng muhimi, ular bir-birlarini kechira olishdi. Aynan shu mening maqsadim edi”, — dedi prezident Sadir Japarov.

Foto: Open source

Foto: Open source

Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov oʻtgan shanba, 18-fevral kuni mamlakatning barcha sobiq prezidentlarini bir stol atrofida yigʻdi. Uchrashuvda Asqar Akayev, Qurmanbek Bakiyev, Roza Otunboyeva, Almazbek Atambayev va Sooronbay Jeenbekov ishtirok etdi. Uchrashuv “neytral hududda boʻlib oʻtdi”, dedi prezident. OAV xabariga koʻra, uchrashuv Dubayda oʻtkazilgan.

Akipress iqtibos keltirishicha, Sadir Japarov oʻz murojaatida hozir globallashuv davrida ichki barqarorlik va milliy birlikka intilayotgan davlatlargina rivojlanib, qudratli davlatlarga aylanib borayotganini qayd etgan.

“Birdamlik yoʻqligi, hokimiyat uchun kurash tufayli biz qadimiy imperiyamizdan ayrilib, Markaziy Osiyoning bir burchagida qolib ketayotganga oʻxshaymiz”, — dedi u.

“Bizda nafaqat shimol-janubga, balki yetti viloyatga boʻlinish yuz beryapti, ularning har biri oʻzini oʻylaydi, afsuski, hozir Qirgʻiziston aholisi u yoki bu prezident tarafdori hisoblanadi, shu orqali yana yetti tomonga boʻlinib ketmoqda. Ammo Qirgʻizistonning kelajagi biz uchun muhim boʻlsa, „Akayev“, „Bakiyev“, „Atambayev“, „Otunbayeva“, „Jeenbekov“, „umrbod prezident“ va hokazo tushunchalarni yoʻq qilishimiz, hammani birlashtirgan holda xalq kelajagi haqida oʻylashimiz kerak (rahbarlar birligisiz tarafdorlar birlasha olmaydi)”, — deb yozadi Qirgʻiziston prezidenti.

“Agar dastlab xalq tomonidan saylangan va oxiri ayanchli boʻlgan barcha prezidentlarni yigʻsak, balki bir mushtdek birlashgan yagona xalq boʻlamiz, degan fikr meni uzoq vaqt qiynagan edi… Nihoyat bu gʻoyani amalga oshirib, mamlakatimiz boshida turgan barcha prezidentlarni bir joyga toʻpladim”, — dedi Sadir Japarov.

“Sobiq prezidentlar oʻz xafaliklarini aytib, kamchiliklarini tan olishdi. Eng muhimi, ular bir-birlarini kechira olishdi. Bu mening maqsadim edi. Har bir prezidentning tarafdorlari, yetti viloyat aholisi bir yoʻnalishda toʻplanib, siyosatni qoʻyib, millat, iqtisod rivoji haqida oʻylashi mening oʻyim edi”, — deya qoʻshimcha qildi u.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling