Toshkentda xonadonlarning ijara narxi pasayishda davom etmoqda — PMTI

Oʻrtacha narxlar fevraldagiga nisbatan 2% ga pasaygan va 2 xonali uy narxi 411 dollarni tashkil etgan.

Foto: Repost.uz

Foto: Repost.uz

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari Toshkent shahrida mart oyida xonadonlar uchun ijara narxlarining oʻzgarishini tahlil qildi, natijalar narxlar pasayishda davom etayotganini koʻrsatgan.

Poytaxtda 2022-yilda xonadonlar uchun ijara narxlari oʻsa boshlagan va oktyabr oyiga kelib, oʻzining eng yuqori nuqtasiga chiqqan, soʻngra pasaya boshlagandi.

OLX.uz maʼlumotlar bazasiga koʻra, oʻshanda shahar boʻyicha oʻrtacha taʼmirlangan xonadon uchun ijara narxi 526 dollarga chiqqandi. 2023-yilning mart oyida ijara uchun oʻrtacha narxlar fevral oyidagiga nisbatan 2% ga pasaygan va 411 dollarni tashkil etgan.

Oʻrtacha taʼmirlangan 2 xonali uy uchun ijara narxi 340 dollardan (Sergeli) 460 dollargacha (Yakkasaroy) oʻzgargan holda Toshkent shahri uchun oʻrtacha 411 dollarni tashkil etgan. 3 xonali uylar uchun esa narxlar 380 dollardan (Sergeli) 600 dollargacha (Mirobod) oʻzgargan holda Toshkent shahri uchun oʻrtacha 480 dollarni tashkil etgan. Taʼmirlangan 1 xonali uy uchun oʻrtacha ijara narxi 320 dollarni, 4 xonali uy uchun 600 dollarni, 5 xonali uy uchun 660 dollarni tashkil etgan.

Ushbu tahlil uchun maʼlumotlar OLX.uz saytidan veb-skreping (web-scraping) usuli yordamida olingan. 2023-yil mart oyi uchun toʻplangan 30,5 mingta kuzatuvlar oʻrganilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling