Foto: Teznews
Joriy yilning 12-aprel kuni soat 21:50 larda Yangiyoʻl tumani “Ahil” MFY Samarqand koʻchasida yashagan 2002-yilda tugʻilgan D.A. Yangiyoʻl shahar Tibbiyot birlashmasining qabul boʻlimiga olib kelingan.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning UzNews.uzʻga xabar berishicha, D.A. Yangiyoʻl shahar “Ramadan” MFYda joylashgan sport klubida sogʻligʻi yomonlashib qolgan va shu yerning oʻzida vafot etgan. Maʼlum qilinishicha, marhum ToshDAU meva-sabzavot fakultetining 2-kurs talabasi boʻlgan.
Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki maʼlumotnomasiga koʻra, D.A.ning oʻlimi oʻtkir yurak yetishmovchiligi natijasida kelib chiqqanligi va marhumda tan jarohatlari mavjud emasligi qayd etilgan.
Mazkur holat yuzasidan Yangiyoʻl shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling