Toshkentda 30 yoshli “zakladchik” qoʻlga olindi

Erkak Sergeli tumanidagi koʻchalardan birida narkotik solingan paketlarni yashirmoqchi boʻlgan vaqtida qoʻlga olingan. Unga 20 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin.

Videodan kadr

Videodan kadr

Toshkent shahrining Sergeli tumanida IIO xodimlari geroin savdosiga chek qoʻyishdi. Giyohvand moddalarni savdosida “zakladchik”lik qilgan shaxs qoʻlga olindi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Maʼlum qilinishicha, 12-fevral kuni kechasi 30 yoshli A. koʻchada giyohvand moddalarni yashirmoqchi boʻlgan vaqtda qoʻlga olingan. Uning yonidan umumiy ogʻirligi 160 gramm boʻlgan, oʻziga xos hidli, kulrang-jigarrang moddaga ega 50 ta sumka topilgan. Ekspertiza uning geroin ekanligini aniqlagan.

Qoʻlga olingan shaxsning soʻzlariga koʻra, uning oʻzi ham giyohvandlik vositalarini isteʼmol qilib yurgan.

“Internet-doʻkonlardan oʻzimga dori sotib oldim. Biroz vaqt oʻtgach, ular men bilan bogʻlanib, ishga taklif qilishdi. Men rozi boʻldim”, - deydi u.

Birinchi topshirigʻida u bir paketda gashish olib, koʻrsatilgan joyga yashirib qoʻygan. Erkak ikkinchi topshiriqqa ham rozi boʻlgan. Ammo, ishni amalga oshirayotgan paytida uni jinoyat ustida qoʻlga olishdi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni koʻp miqdorda qonunga xilof ravishda sotish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Maʼlumot uchun, mazkur moddada 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilishi koʻrsatilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling