Buxoroda “gaz zapravkalar” tomonidan 26 mlrd soʻmlik tabiiy gaz talon-toroj qilingani aniqlandi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, 2023-yilning 5-yanvardan 6-yanvarga oʻtar kechasi ayrim metan gaz yoqilgʻi quyish shoxobchalarida oʻrganishlar oʻtkazilgan.
Xususan, “Dildora” MCHJning Vobkent tumanidagi 2 ta, “Osiyo Buxoro gaz”, “Norboyev Sherzod Yunusovich” va “Grant gaz servis”MCHJlarning Buxoro shahridagi, “Real ximik” MCHJ ning Buxoro tumanidagi jami 6 ta metan quyish shoxobchalari koʻzdan kechirilgan.
Oʻrganishlar davomida, “Dildora” va “Osiyo Buxoro gaz” MCHJlarga qarashli 3 ta shoxobchalarga kelgan tabiiy gaz quvurlariga oʻrnatilgan “Avtopilot-PRO”“rusumli gaz hisoblash uskunasidagi mavjud impuls trubkasi mahkamlanganda, gaz oʻtish harakati pasayishi natijasida, haqiqatdan gaz diafragmasidan oʻtayotgan gaz hajmi sunʼiy ravishda kamaytirilgan holda koʻrsatilishiga erishilganligi aniqlangan.
Natijada «Dildora” MCHJga qarashli 2 ta shoxobcha tomonidan 11,1 mlrd soʻmlik hamda “Osiyo Buxoro gaz” MCHJga qarashli shoxobcha tomonidan 15,1 mlrd soʻmlik, jami 26,2 mlrd soʻmlik tabiiy gaz yashirin ravishda talon - toroj qilingan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) 4-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling