Foto: Farg'ona IIB matbuot xizmati
Ijtimoiy tarmoqlarda yosh bolalar “Gentra” rusumli avtomobilni old qismini yoqib yuborishganligi tasvirlangan videoxabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Fargʻona viloyati IIB matbuot xizmati rasmiy maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, mazkur voqea 2022-yilning 21-dekabr kuni sodir boʻlgan. Unga koʻra, Qoʻqon shahar 33-umumtaʼlim maktabining uch nafar voyaga yetmagan 3-sinf oʻquvchilari shaharning Alisher Navoiy mavzesidagi doʻkoni oldida oʻzlarida boʻlgan gugurt choʻpini yoqib, shu yerda turgan, “Gentra” rusumli avtomashinaning old qismiga qistirib ketishgan.
Natijada, avtomashinada yongʻin chiqib, moddiy zarar yetkazilgan.
Maʼlum qilinishicha, avtomashina egasi fuqaro ichki ishlar organlariga bu haqida murojaat qilmagan.
Mazkur holat Qoʻqon shahar IIB tomonidan tegishli tartibda roʻyhatga olinib, voyaga yetmagan shaxslarning ota-onalariga nisbatan maʼmuriy tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, avtomashinaga yetkazilgan moddiy zarar qoplangan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling