Videodan kadr
Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Andijonda yangi qurilgan bino oxirgi qavati qulab tushgani haqida xabarlar tarqaldi. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi holat yuzasidan maʼlumot berdi.
Maʼlum qilinishicha, holat yuzasidan Andijon viloyat qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan olib borilgan oʻrganish ishlaridan maʼlum boʻlishicha, obyektning qurilish ishlari 2022-yilning martida boshlangan. Nazorat tadbirlari davomida fuqaro I.U. tegishli shaharsozlik hujjatlarisiz inspeksiyani xabardor qilmasdan, obyektda qoʻshimcha 2 qavat (4-5-qavat) qoʻshib, qurilish ishlarini amalga oshirgani aniqlangan.
Ushbu holat boʻyicha fuqaro I.U.ga MJtKning 99-moddasi (shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish) 7-qismi bilan maʼmuriy chora qoʻllanilgan.
Qurilish ishlari davomida binodagi temir-beton plitalarining qulab tushishi va bino yuqori qavatlaridagi devorlar buzilishiga ishchilar tomonidan temir-beton plitalar ustiga meʼyordan ortiq qurilish materiallari yuklangani hamda yuklarni avtokranda tushirish jarayonida dinamik qoʻyish hosil boʻlishi sabab boʻlgan.
Inspeksiya tomonidan obyektning shaharsozlik hujjatlarisiz qurilgan va yaroqsiz holga kelgan 4 va 5-qavatlarini fuqaro I.U. tomonidan texnika xavfsizlik talablariga qatʼiy rioya etgan holda buzib (demontaj) olishi kerakligi tushuntirilgan va binoning 5-qavati demontaj qilingan.
Qayd etilishicha, hozirda fuqaro I.U.ning moliyaviy muammolari sabab binoning 4-qavatini buzish va qurilish ishlarini davom ettirish vaqtincha toʻxtatilgan. Obyektning demontaj ishlarini bajarish va qurilishni davom ettirish inspeksiya tomonidan nazoratga olingan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling