Toshkentdagi bir nechta “dom”larda yertoʻlalar buzilib, tayanch devorlar olib tashlangani aniqlandi — foto

Bu binolarda yashovchi fuqarolar hayotini xavf ostiga qoʻygan huquqbuzarlar bilan profilaktik suhbat oʻtkazildi. 15 kun ichida huquqbuzarliklarning oldi olinmasa, ular javobgarlikka tortiladi.

Foto: Qurilish vazirligi

Foto: Qurilish vazirligi

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining maʼlum qilishicha, poytaxtning Yashnobod tumani Tuzel-2 mavzesi “Vatandosh” MFYdagi 9 qavatdan iborat 12-b uyda yashovchi aholi murojaatlariga asosan oʻrganish ishlari olib borildi.

Aniqlanishicha, binoning yertoʻla qismida tadbirkorlar tomonidan noqonuniy ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Binoning yertoʻlasi buzilib yotgani, hatto bino fundamenti oʻzgartirilayotgani aniqlandi.

Foto: Qurilish vazirligi

Foto: Qurilish vazirligi

Shuningdek, Shayxontohur tumani “Labzak” dahasi 1-a uyda tekshiruv oʻtkazilgan. Aniqlanishicha, binoning yertoʻlasi tegishli talablarni buzgan holda oʻzgartirilgan. Fuqaro loyiha hujjatlaridan chetga chiqqan holda binoning tayanch devorlari hamda kommunikatsiya tarmoqlari joylashuvini oʻzgartirgan.

Yakkasaroy tumani Sebzor koʻchasi “Dilbuloq” mahallasida joylashgan 1-sonli uyda ham qonunbuzilish holatlari aniqlandi.

Foto: Qurilish vazirligi

Foto: Qurilish vazirligi

9 qavatli mazkur uyning birinchi qavatida istiqomat qiluvchi mulkdor umumfoydalanishdagi yertoʻlaga kirish uchun uyning ichidan plita devorlarini buzgan holda zinapoya oʻrnatganligi maʼlum boʻldi. Koʻp qavatli uyning ichki va yertoʻla qismida oʻzboshimchalik bilan tayanch va tayanch boʻlmagan devorlar tamomila olib tashlangan. Shuningdek, uydagi deraza-romlarning pastki qismidagi tayanch devorlar ham buzilgan va ustunli soyabon (naves) oʻrnatilgan.

Foto: Qurilish vazirligi

Foto: Qurilish vazirligi

Inspeksiya tomonidan huquqbuzarlarga nisbatan tegishli tartibda maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 15 kun muddatda binoni oʻz holiga qaytarish boʻyicha topshiriq berildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling