Foto: Omma.uz
7-yanvar kuni Buxoro viloyati Gʻijdivon tumanidagi savdo majmuasida yongʻin sodir boʻlgani haqida xabar berilgan edi. Viloyat FVB matbuot xizmati mazkur holat yuzasidan qoʻshimcha maʼlumot berdi.
Olib borilgan oʻrganishlar davomida 2 qavatli savdo majmuasining “B” blokidagi savdo doʻkonlarining 960 kvadrat/metr maydonda joylashgan 61 ta doʻkon va ichidagi jihozlari yonib zararlangani aniqlangan.
Qutqaruvchilar savdo majmuasining “B” bloki yertoʻla qismidagi 64 ta savdo doʻkoni hamda majmuaning 6000 kvadrat/metr maydondagi bloklardagi yertoʻla qismi va 1-qavatdagi jami 256 ta savdo doʻkonlari saqlab qolgan.
Maʼlum qilinishicha, hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok boʻlganlar yoʻq. Sodir boʻlgan yongʻin yuzasidan viloyat IIB va FVB tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Xabarga koʻra, yongʻin sababini aniqlash maqsadida yongʻin-texnik ekspertizasi tayinlangan. Voqea joyiga viloyat Hokimi va oʻrinbosari, viloyat FVB rahbariyati, IIB, SSB, prokuratura va boshqa tegishli tashkilotlar masʼul xodimlari chiqishgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling