Endi Oʻzbekistonda mehmonxonalar mijozlardan nikoh guvohnomasi talab qilmaydi

Mehmonxona xizmatlarini koʻrsatishda nikoh guvohnomalari, yashash uchun ruxsatnomalar yoki oilaviy aloqalarni tasdiqlovchi hujjatlar endi talab qilinmaydi. Shuningdek, pasport oʻrniga haydovchilik guvohnomasini taqdim etish mumkin.

Endi Oʻzbekistonda mehmonxonalar mijozlardan nikoh guvohnomasi talab qilmaydi

Foto: Repost.uz

Oʻzbekistonda mehmonxona xizmatlarini koʻrsatishda doimiy yashash joyi va nikoh guvohnomasi talab qilinmaydi, deya xabar bermoqda “Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi” DUK Axborot xizmati.

Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini tiklash va rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Qarorga asosan ”Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashtirish boʻyicha xizmatlarni koʻrsatish tartibi toʻgʻrisida“gi Nizom tasdiqlangan.

Nizomning 5-bandiga koʻra, mehmonxona xizmatlari doimiy yashash joyi, fuqarolik, jismoniy shaxslarning qarindoshlik va nikoh munosabatlari, shuningdek, shaxsiy hayot huquqini cheklovchi boshqa omillardan qatʼiy nazar koʻrsatilishi lozimligi belgilab qoʻyilgan.

”Shuni taʼkidlash joizki, mehmonxona xizmatlarini taqdim qiluvchi tadbirkorlik subyektlari ichki tartib qoidalarini ishlab chiqishi lozim. Ishlab chiqilgan ichki tartib qoidalari yuqoridagi Nizom talablariga zid boʻlmasligi kerak", - deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyundagi 389-son qarori bilan yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasiga egasining shaxsni tasdiqlovchi rasmiy davlat hujjati maqomi berildi.

Shu munosabat bilan mehmonxonalar va boshqa joylashtirish obyektlari fuqarolik pasporti yoʻqligiga ishora qilib, yangi milliy haydovchilik guvohnomasi taqdim etilganda mehmonxona xizmatlarini koʻrsatishni rad etishga haqli emas.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling

So`nggi xabarlar

Yangiliklar