Mahallalarni qo‘llab-quvvatlash uchun Respublika mahalla jamg‘armasiga 200 mlrd so‘m ajratildi

Mahallalarga yer va mol-mulk solig‘idan tushadigan tushumlarning ulushi 10 foizdan 15 foizga oshiriladi. 

Shavkat Mirziyoyev mahallalar faoliyatini raqamlashtirish va Mahallani rivojlantirish milliy institutini tashkil etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Taqdimotda mahallalarni qo‘llab-quvvatlash uchun Respublika mahalla jamg‘armasiga yana 200 mlrd so‘m ajratilgani maʼlum qilindi. Shuningdek, mahallalar uchun 300 mlrd so‘mdan ziyod qo‘shimcha doimiy daromad manbalari yaratilmoqda.

Jumladan, mahalla hududida sanitariya va noqonuniy qurilish bo‘yicha jarimalarning bir qismi mahalla budjetlariga yo‘naltiriladi. Yer va mol-mulk solig‘idan tushadigan tushumlarning ulushi 10 foizdan 15 foizga oshiriladi. 

Bo‘sh maydonlarni ijaraga berish va ayrim binolarni sotishdan tushadigan mablag‘lar ham mahallalarning o‘zida qoldiriladi.

Ushbu mablag‘lar birinchi navbatda ichki yo‘llarni taʼmirlash, piyodalar yo‘lakchalarini tashkil qilish, bolalar va sport maydonchalarini qurish, mahalla bog‘larini barpo etish, ehtiyojmand oilalar bandligini taʼminlash bo‘yicha dasturlarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

Shu bilan birga, jinoyat yo‘liga adashib kirib qolgan 245 ming fuqaroni kasb va hunarga o‘qitish, ularni ijtimoiy hayotga qaytarish bo‘yicha alohida ishlar tashkil qilinadi.

Taqdimotda mahallalar faoliyatini raqamlashtirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. “Mahalla yettiligi” tomonidan uyma-uy o‘rganishlar davomida 1 mln 365 ming nafar aholining muammolari aniqlangani qayd etildi.

Ushbu muammolarni tezkor hal qilish maqsadida 35 ta vazirlik va idoraning axborot tizimlari “Raqamli mahalla” platformasiga ulanadi. Platforma orqali mahalladagi dolzarb masalalarni aniqlash, murojaatlarni tizimli tahlil qilish va tegishli yechimlarni tezkor belgilash imkoni yaratiladi.

Shuningdek, sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali har bir mahalladagi eng dolzarb muammolarni oldindan aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi.

Har bir mahallaning o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqib, banklar bilan birgalikda aholining biznes tashabbuslari va investitsiya loyihalari portfeli shakllantiriladi. Bu mahalladagi mavjud imkoniyatlarni ish o‘rni va daromad manbaiga aylantirishga xizmat qiladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling