Saida Mirziyoyeva Andijonda taʼmirtalab ijtimoiy obyektlarni borib ko‘rdi

Prezident Administratsiyasi rahbari Oltinko‘l tumanidagi “Ko‘makay” oilaviy poliklinikasini ko‘zdan kechirdi.

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 24-iyun kuni Andijon viloyatida bo‘ldi.

Saida Mirziyoyeva Oltinko‘l tumanidagi “Ko‘makay” oilaviy poliklinikasini ko‘zdan kechirdi. 

Ushbu binodan 1988-yildan buyon foydalanib kelinmoqda, u bugungi kun standartlaridan ancha orqada qolgan.

Shuningdek, u 9-sonli bog‘cha va 36-sonli maktabda ham bo‘ldi. 

Bog‘cha 1970-yillarda qurilgan oromgoh o‘rnida joylashgan. Maktab binosi undan ham eski — 1960-yilda barpo etilgan bo‘lib, sig‘imi o‘quvchilar soniga mos kelmaydi. Har ikki obyekt yangidan quriladi.

"Gap tibbiyot va ta‘lim haqida ketar ekan, shifokor va o‘qituvchining ish joyi, yaratilgan sharoit, farzandini maktab yoki bog‘chaga kuzatayotgan ota-onaning ko‘ngli to‘q bo‘lishi — eng muhim, birinchi galdagi masaladir. Odamlar turmushini yaxshilashga qaratilgan o‘zgarishlar o‘n yillab cho‘zilmasligi kerak. Jarayonni tezlashtirish, aniq va sezilarli natija tez fursatda amalda ko‘rinishi lozim", – deb yozdi Prezident Administratsiyasi rahbari.

Bundan tashqari, Saida Mirziyoyeva Andijonda viloyat rahbariyati va tuman hokimlari ishtirokida ishchi yig‘ilishni o‘tkazdi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan muhim masalalardan biri 1980-yillarda barpo etilgan magistral suv tarmog‘ini yangilash bo‘ldi. 

"Aholi yashaydigan ko‘plab xonadonlar, mahalla va tashkilotlarning suv ta‘minotiga bevosita daxldor bo‘lgan ushbu inshootni rekonstruksiya qilish jarayonini kechiktirib bo‘lmaydi", – deb yozdi u.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling