Toshkentda o'ta xavfli hisoblangan kuydirgi kasalligi aniqlandi

Infeksiya sog'lom odam organizmiga nafas yo'llari, teri va og'iz orqali tushishi mumkin

2021-yilda 30 nafar fuqaroda kuydirgi kasalligi gumon qilingan edi. Shulardan 10 nafarida kasallik tasdiqlangan. Bu haqda epidemiolog Lola Umarova ma’lum qildi.

Ma'lum bo'lishicha, joriy yilning boshidan buyon hozirgi kunga qadar 10 nafar fuqaroda kuydirgi kasalligi gumon qilinib, ulardan bir nafarida ushbu kasallik aniqlangan.

Ma'lumotlarga qaraganda ushbu fuqaro Yunusobod tumanida istiqomat qiladi.

Kuydirgi yuqumli kasallik bo'lib, asosan qoramol, mayda qoramol, qoramol, qo'y, echki, ot, tuya va odamlarda uchraydi.

Ushbu kasallik odamlarga hayvonni so'yish, go'shtini nimtalash vaqtida, shuningdek, suv, tuproq, chorvachilik mahsulotlari orqali yuqishi mumkin.

Qayd etilishicha, infeksiya sog'lom odam organizmiga nafas yo'llari, teri va og'iz orqali tushishi mumkin.

Odamda bu kasallikning o'pkaga, ichakka, teriga zarar yetkazadigan va qonga o'tib tarqaladigan septik xillari uchraydi. Kasallik alomatlari ham zararlangan a'zolarga qarab turlicha bo'ladi.

Kuydirgining teri shaklida kuydirgi qo,zg'atuvchisi zararlangan teri orqali kiradi. Bu shaklda yashirin davr 2-3 kun hisoblanadi.

Terining infeksiya kirgan sohasida dastlab bo'rtma paydo bo'ladi, u loyqa yoki qonli suyuqlik bilan to'lgan pufakchaga aylanadi. Bir muddat o'tgach pufakcha yorilib, qora qo'tir ko'rinishiga keladi.

Atrofida yangi pufakchalar hosil bo'lib, qo'tir kattalashadi, uning tagida shish paydo bo'ladi. Odatda, shu jarohat "kuydirgi xo'ppozi" deb ataladi.

Kuydirgi xo'ppozi ko'pincha tananing yuz sohasi, bilak, bo'yin yoki oyoq qismlarida paydo bo'ladi. Bunda gavda temperaturasi ko'tarilishi, bosh og'rig'i, darmonsizlik, uyqusizlik kuzatiladi. Oradan 2-3 hafta o'tgach, bemor tuzala boshlaydi.

Bu kasallikning shuningdek, o'pka va ichak kuydirgisi deb ataluvchi turlari ham mavjud.

O'pka kuydirgisida to'satdan isitma ko'tarilib, yo'tal tutadi, qonli balg'am keladi, nafas olishi qiyinlashadi.

Shu bilan birga, ichak kuydirgisi ovqatdan zaharlanishga o'xshab boshlanadi, bemor ko'ngli aynib, qusadi, qorn qismida qattiq og'riq turadi, ichi dam bo'ladi.

Bu kasallikning o'pka va ichakda paydo bo'luvchi turlari juda kam uchraydi.

Davolash maqsadida penisilin va kuydirgi gammaglobulini qo'llaniladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling