“Uzum Market”ga nisbatan insofsiz raqobat holatlarini sodir etgan “YandexGo UB” MCHJga nisbatan chora ko‘rildi

Shu bilan birga, moliyaviy sanksiyalarni sud tartibida qo‘llash lozim deb topilmadi.

Raqobat qo‘mitasiga “Uzum Market” MCHJ XKdan kelib tushgan murojaat asosida “YandexGo UB” MCHJ tomonidan televideniye va ijtimoiy tarmoqlar orqali namoyish etilgan “Yandex Market” reklamasi yuzasidan ish qo‘zg‘atilgan edi.

Qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan ishni ko‘rib chiqish natijasida:

  • “YandexGo UB” MCHJ reklamasidagi aktrisaning binafsha rangli ko‘ylagi va rolikning dastlabki kadrlari “Uzum Market” MCHJ XKning avvalgi videolaridagi obrazlarga vizual va konseptual jihatdan o‘xshashligi;
  • Reklama roligidagi bosh qahramonning uzum dastasini ko‘tarib “a, bu marketmi?!” deb berilgan savolidan so‘ng, yon-atrofdagi reklama ishtirokchilarining bosh qahramonning savoliga nisbatan salbiy holatdagi munosabati (reaksiyasi);
  • Reklama roligida rolik ishtirokchisining “ajoyib market” deganidan so‘ng, bosh qahramonning uzum dastasini ko‘tarib “a, bu marketmi?!” degan savoli orqali tomoshabinda “Uzum Market” haqida so‘z borayotganligi” haqida taassurot uyg‘otilganligi. Shundan so‘ng, aktrisaning “yo‘q, bu boshqa market” degan javobi orqali “Yandex Market” ustunligi haqida ishora qilinganligi aniqlandi.

Ushbu holatlar orqali “YandexGo UB” MCHJ “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasida nazarda tutilgan noto‘g‘ri taqqoslash, yaʼni raqobatchi xo‘jalik yurituvchi subyektni yoki uning tovarini tovarning ustunligi haqida tasavvur hosil qiluvchi so‘zlardan yoki ramzlardan tovarning xolisona tasdiqqa ega bo‘lgan tavsifini yoki taqqoslash parametrlarini ko‘rsatmagan holda foydalanib taqqoslashni amalga oshirgan deb topilgan.

Shu bilan birga, “Uzum Market” isteʼmolchilarga bevosita moddiy zarar yetkazilganligi to‘g‘risidagi asosli dalillar va hujjatlar taqdim etmaganligi bois moliyaviy sanksiyalarni sud tartibida qo‘llashni lozim deb topmadi.

Yuqorida aniqlangan qonunbuzilish holatiga muvofiq, Maxsus komissiya tomonidan “YandexGo UB” MCHJga nisbatan:

  • “Yandex Market”ga oid mazkur reklama roligini ommaviy axborot vositalaridan olib tashlash orqali qonunbuzilish holatini bir oy muddatda bartaraf etish;
  • reklama roligini OAVdan olib tashlagani haqida tasdiqlovchi hujjatlarni 14-avgustiga qadar Qo‘mitaga taqdim etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling