"Afrosiyob"ning Toshkent—Buxoro—Toshkent yo'nalishidagi uchta reysi bekor qilindi

Reyslar ayni paytda kuzatilayotgan anomal sovuq ob-havo tufayli bekor qilingan

Foto: Tez News<br>

Foto: Tez News

“Afrosiyob” poyezdining Toshkent—Buxoro—Toshkent yoʻnalishida qatnovchi uchta reysi bekor qilindi. Bu haqda “Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Oʻzbekistonda kuzatilayotgan anomal sovuq ob-havo tufayli, yoʻlovchi poyezdlar harakat havfsizligini taʼminlash va yoʻlovchilarni oʻz manzillariga yetkazish davomida noqulayliklar kelib chiqishini oldini olish maqsadida ushbu yoʻnalishda 13, 14, 15-yanvar kunlari amalga oshirilishi lozim boʻlgan 3 ta reys bekor qilinadi.

Yoʻlovchilar oʻz manzillariga yetib olish maqsadida quyidagi muqobil yoʻlovchi poyezdlardan foydalanishi mumkin:

12-sonli Toshkent—Buxoro (“Sharq”);

56-sonli Toshkent—Buxoro–Xiva;

58-sonli Toshkent—Buxoro—Shovot;

72-sonli Toshkent—Buxoro—Olot;

125-sonli Andijon—Toshkent—Buxoro—Xiva.

“Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, xarid qilingan chiptalarni temir yoʻl chiptaxonalarida, elektron tarzda xarid qilingan chiptalarni chipta.railway.uz saytida qaytarishingiz mumkin. Xabarga koʻra, chipta puli 100 foiz qiymatda qaytariladi.

Avvalroq, 13-yanvar kuni Buxoro—Toshkent yoʻnalishidagi 765-sonli yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdda anomal sovuq ob-havo sababli nosozlik yuzaga keldi va poyezd “Malik” bekatida toʻxtatilgan edi. Shundan soʻng, yoʻlovchilarni manzilga xavfsiz yetkazib kelish maqsadida zaxira “Afrosiyob” elektropoyezdi joʻnatilgan.

Shuningdek, O‘zbekistonda kuzatilayotgan anomal sovuq ob-havo tufayli yo‘lovchi poyezdlar harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida 13-yanvar kuni poyezdlar harakat jadvaliga o‘zgartirishlar kiritildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling