Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisida nutq soʻzladi.
Davlat rahbari Ostona va Shusha shaharlaridagi uchrashuvlardan keyingi vaqt mobaynida global geosiyosiy jarayonlar tobora murakkab tus olganini aytd.
“Yetakchi davlatlar oʻrtasidagi raqobat va ishonchsizlik muhiti keskin kuchaymoqda, ziddiyat va urush oʻchoqlari koʻpayib, turli xavf-xatarlar yanada ortmoqda. Albatta, bularning salbiy taʼsiri va oqibatlarini davlatlarimiz har tomonlama sezib turibdi. Bu muammolar savdo, investitsiya, transport, energetika, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalardagi qoʻshma reja va katta loyihalarimizga jiddiy toʻsiq boʻlmoqda, desam, bu – ayni haqiqatdir”, — deydi prezident.
Oʻzbekiston yetakchisi tashkilot doirasida siyosiy va xavfsizlik masalalarida muloqotlarni tizimli davom ettirish, umumiy manfaatlardan kelib chiqib, xalqaro muammolar boʻyicha yakdil va aniq pozitsiyamizni faol ilgari surish maqsadga muvofiqligini taʼkidladi.
“Bu oʻrinda gap, eng avvalo, Yaqin Sharqda davom etayotgan adolatsiz urush va kuzatilayotgan ikki yoqlama standartlar haqida bormoqda. Gʻazo sektori va Livandagi misli koʻrilmagan gumanitar fojiani, tinch aholiga qarshi vayronkor hujumlarni, ayniqsa, begunoh bolalar, keksalar va ayollar qurbon boʻlayotganini hech narsa bilan oqlab boʻlmaydi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastin qochoqlariga yordam berish boʻyicha maxsus agentligi faoliyatini cheklashga qaratilgan harakatlarni ham keskin qoralaymiz.
Mazkur koʻp yillik nizoning yagona yechimi – xalqaro meʼyoriy hujjatlar va rezolyutsiyalarga muvofiq, 1967-yildagi chegaralar asosida, poytaxti Sharqiy Quddus boʻlgan mustaqil Falastin davlatini tuzishdir.
Keyingi hafta Ar-Riyod shahrida oʻtadigan arab-musulmon davlatlari sammitida bu muammoga aniq siyosiy yechim topilishiga umid qilamiz.
Xavfsizlik haqida toʻxtalganda, Afgʻoniston masalasi Tashkilotimiz doirasida doimo diqqatimiz markazida boʻlishi lozim. Bu borada vazirlar va ekspertlar darajasidagi muntazam muloqot mexanizmini yoʻlga qoʻyish muhimdir.
Afgʻonistondagi oʻtkir muammolarni hal etishda amaldagi hukumatga yordam koʻrsatish, bu davlatni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga keng jalb etish, ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini roʻyobga chiqarish masalalari albatta koʻrib chiqilishi lozim, deb hisoblaymiz”, — deydi Shavkat Mirziyoyev.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling