Prezidentning “Raqamlashtirish sohasida eksport faoliyati bilan shugʻullanuvchi korxonalarni qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.
Farmonga koʻra, IT-park rezidentlariga quyidagi qoʻshimcha faoliyat turlari boʻyicha xizmat koʻrsatishga ruxsat beriladi:
— axborot texnologiyalari sohasida tashkil etiladigan taʼlim xizmati doirasida, ingliz tili bilan bir qatorda boshqa xorijiy tillarni ham oʻqitish;
— internet orqali axborot xizmatlarini eksport qilish faoliyati doirasida, biznes-jarayonlar autsorsingi yoʻnalishi boʻyicha taʼlim faoliyatini amalga oshirish;
— internet orqali bilim jarayonlari autsorsingi (Knowledge Process Outsourcing) xizmatlarini xorijiy davlatlarga eksport qilish.
2025-yil 1-fevraldan 2030-yil 1-yanvargacha eksport xizmatlari hajmi kalendar yil davomida 10 million AQSH dollaridan oshgan IT-park rezidentlariga axborot texnologiyalari sohasidagi xizmatlarini koʻrsatgan, Oʻzbekiston bilan ikkiyoqlama soliqqa tortishning oldini olish toʻgʻrisida bitim tuzilmagan davlatlarning yuridik shaxslari ushbu kalendar yil yakunigacha foyda soligʻidan ozod etiladi.
2025-yil 1-fevraldan 2040-yil 1-yanvargacha jami daromadi tarkibida eksporti hajmi 50 foizdan ortiq boʻlgan IT-park rezidentlarining taʼsischilari (ishtirokchilari) – Oʻzbekiston norezidentlari boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslarning dividendlar tarzidagi daromadlariga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi hamda foyda soligʻining 5 foiz stavkasi tatbiq etiladi.
Farmonga koʻra, 2028-yil 1-yanvardan 2040-yil 1-yanvargacha quyidagi mezonlardan biriga toʻgʻri keladigan IT-park rezidentlari uchun Prezident farmonida belgilangan soliq va bojxona imtiyozlari uzaytiriladi (QQS bundan mustasno):
— kalendar yil davomida jami daromadi tarkibida IT-park rezidentlari tomonidan amalga oshirishga ruxsat etilgan faoliyat turlari boʻyicha eksporti hajmi 50 foizdan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar;
— kalendar yil davomida 18 yoshdan oshgan bitiruvchilarining 50 foizdan ortiq qismi IT-park rezidenti boʻlgan eksportchi korxonalarga ishga joylashgan IT-taʼlim xizmatlarini koʻrsatuvchi yuridik shaxslar.
2025-yil 1-apreldan OTMlarning axborot texnologiyalari sohasidagi fan nomzodi, falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega boʻlgan xorijlik professor-oʻqituvchilariga ham “IT-visa” beriladi.
2028-yil 1-yanvargacha Raqamli texnologiyalar sohasida oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash dasturi amalga oshiriladi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling