"Dok-1 MAKS" va "Ambronol" dori vositalari belgilangan tartibda laboratoriya sinovlaridan o'tkazilmagan — DXX

Quramax Medical’ning ikki nafar rahbari, “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi”ning ikki nafar mas’ul xodimi hibsga olindi

Foto: DXX <br>

Foto: DXX

“Dok-1 Maks” preparati bilan bogʻliq holat yuzasidan Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgani haqida xabar berilgan edi. DXXning maʼlum qilishicha, olib borilgan tergov harakatlari davomida “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dori vositalari belgilangan tartibda laboratoriya sinovlaridan oʻtkazilmaganligi aniqlangan.

Qayd etilishicha, Quramax Medical MCHJ tomonidan Oʻzbekistonga import qilingan ushbu preparatlar “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ tomonidan laboratoriya sinovlaridan oʻtkazilgan hamda ularga muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilgan.

Dastlabki tergov harakatlari davomida aniqlanishicha, “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ masʼul xodimlari tomonidan meʼyoriy-huquqiy hujjat talablari qoʻpol ravishda buzilib, ushbu dori vositalari belgilangan tartibda laboratoriya sinovlaridan oʻtkazilmaganligi natijasida, sifatsiz preparatlarning sotuvga chiqarilishiga yoʻl qoʻyilgan.

Jinoyat ishi doirasida Quramax Medical MCHJning ikki nafar rahbar xodimlari hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJning ikki nafar masʼul xodimlari gumonlanuvchi shaxslar sifatida DXX Tergov hibsxonasiga tegishli tartibda joylashtirilgan.

Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida Quramax Medical MCHJ tomonidan Hindistondan Oʻzbekistonga import qilinayotgan dori vositalarining bojxona nazoratidan oʻtkazilishi toʻxtatildi hamda respublika dorixonalaridagi bunday preparatlar yigʻib olindi. Hozirda bu boradagi tadbirlar davom ettirilmoqda.

“Quramax Medikal MCHJga tegishli dori vositalarini Oʻzbekistonda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilganligi hamda sogʻliqni saqlash tizimidagi mutasaddi xodimlarning ushbu holat boʻyicha amalga oshirgan harakatlarini tekshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Hurmatli fuqarolar, shu oʻrinda, ehtimoliy salbiy holatlarning oldini olish maqsadida, mazkur mavzuga oid tekshirilmagan yoki asossiz maʼlumotlarni tarqatmasligingizni soʻraymiz", — deyiladi xabarda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling