Foto: UzA
“Dok-1 MAKS” preparatidan vafot etgan bolalar soni 18 nafarga yetgani haqida xabar berilgan edi. Davlat xavfsizlik xizmatining maʼlum qilishicha, Dok-1 Maks” dori vositasi bilan bogʻliq holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Qayd etilishicha, Hindiston davlatining “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasiga tegishli mazkur dori vositaci mamlakatimizga “Quramax Medical” MCHJ tomonidan import qilinib, savdoga chiqarilgan.
Maʼlum qilinishicha, preparat uy sharoitida bolalarga shifokor retseptisiz, ota-onalar tomonidan mustaqil yoki dorixona sotuvchilarining tavsiyasi bilan shamollashga qarshi vosita sifatida notoʻgʻri qoʻllanilgan.
Sogʻliqni saqlash vazirligining laborator oʻrganishlariga koʻra, “Dok-1 Maks” siropining tarkibida mavjud boʻlgan “etilenglikol” moddasi bemor salomatligida jiddiy salbiy oʻzgarishlarni keltirib chiqaradi.
Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi xulosasiga koʻra, “Dok-1 Maks” siropi meʼyoriy hujjatda belgilangan talablarga javob bermaydi.
Hozirda holat yuzasidan Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan “Quramax medical” MCHJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 186-3 moddasi (Sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni oʻtkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki oʻtkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud boʻlgan dori vositalarini retsept boʻyicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish ) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchi shaxslar DXX Tergov hibsxonasiga joylashtirilgan.
Sogʻliqni saqlash vaziri B.Musayev videomurojaat orqali Dok-1 Maks dori vositasini ichish natijasida dunyodan koʻz yumgan 18 nafar bolaning ota-onalari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan.
Shu bilan birga, mazkur ishga aloqador boʻlgan va xatolikka yoʻl qoʻygan barcha aybdorlar javobgarlikka tortilishi hamda hech kim bilan murosa qilinmasligini maʼlum qildi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling