Foto: Telegram
Oliy Majlisning Bola huquqlari boʻyicha vakili tomonidan Samarqanddagi bolalar shifoxonasida 18 nafar bola (avval 16 nafar ekani aytilgandi) vafot etgani boʻyicha monitoring oʻtkazdi, deya xabar bermoqda bolalar ombudsmani matbuot xizmati.
Ayanchlisi, ularning barchasi 6 yoshgacha boʻlgan, 15 nafari esa 3 yoshgacha boʻlgan bolalardir.
Bemorlar Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy hamda Samarqand viloyatidan boʻlgan.
Bemorlar yaqinlaridan ularning kasallanish sabablari surishtirilganda ularda shamollash alomatlari boʻlgani va davolash maqsadida “Dok-1 MAKS” preparati qabul qilishganidan soʻng ahvoli ogʻirlashganini aytishgan.
“Dok-1 MAKS” preparatining har 10 mlda paratsetamol – 500 mg, gvayfenezin – 200 mg, fenilefrina gidroxlorid – 10 mg mavjud. Mutaxassislar “Dok-1 MAKS” preparatni 2 yoshdan qoʻllash mumkinligi koʻrsatilgani, lekin shunday tarkibli boshqa kompaniyalar preparatlarini asosan 12 yoshdan keyin qoʻllashga ruxsat berilganini taʼkidlashdi.
Hozirda Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tuzilgan ishchi guruhi oʻz oʻrganishlarini davom ettirmoqda. Samarqand shahar prokuraturasi har bir oʻlim holati boʻyicha surishtiruv-tergov olib bormoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling