Mehnat migratsiyasida bo‘lgan fuqarolarga subsidiya va kreditlar ajratish tartibi belgilandi

"Xorijga ishga tayyorlash markazi" tashkil etiladi va unda "Yagona darcha" tamoyili asosida mehnat migratsiyasiga doir xizmatlar ko‘rsatiladi

Hukumatning “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda tashkillashtirilgan tartibda ishga joylashtirish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, "Xorijga ishga tayyorlash markazi" tashkil etiladi va unda "Yagona darcha" tamoyili asosida mehnat migratsiyasiga doir xizmatlar ko‘rsatiladi.

Shuningdek, yo‘lovchi avtobuslar sonini ko‘paytirish orqali xorijga vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan va qaytayotgan fuqarolarni tashishda arzon va tartibli transport qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Qaror bilan “Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan hamda mehnat migratsiyasida bo‘lgan fuqarolarga subsidiya, kompensatsiya va kreditlar ajratish tartibi to‘g‘risida” gi Nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, subsidiya va kompensatsiyalar "Xorijda ish" mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan va tashkillashtirilgan holda mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga quyidagi xarajatlarni qoplash bo‘yicha ajratiladi, jumladan:

  • chet tillari va (yoki) kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirish xarajatlarini qoplash uchun, ular muvaffaqiyatli topshirilganda va sertifikat olinganda – BHMning 3 baravarigacha;
  • xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirishga "ishchi viza"ni rasmiylashtirish xarajatlarini qoplash uchun - BHMning 5 baravarigacha;
  • yo‘l chiptasini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun - BHMning 2 baravarigacha miqdorda;
  • nemis, ingliz, yapon va koreys tillari bo‘yicha kamida B1 yoki unga tenglashtirilgan darajadagi xalqaro sertifikat olgan bitiruvchilari eng ko‘p bo‘lgan 50 nafargacha o‘qituvchiga - 50 million so‘m miqdorida.

Vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkillashtirilgan holda rivojlangan mamlakatlarga chikib ketayotgan fuqarolarga tijorat banklari tomonidan 10 million so‘mgacha Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz bandga yuqori stavkada 2 yil muddatga mikrokreditlar ajratiladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling