O‘zbekiston Eritreya bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatdi

Eritreya davlati O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan 162-davlat bo‘ldi.

Nyu-York shahrida 10-iyul kuni O‘zbekiston va Eritreya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida Qo‘shma kommyunike imzolandi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Hujjatni ikki davlat hukumatlari nomidan O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov va Eritreyaning BMTdagi doimiy vakili Sofiya Tesfamariam imzoladi.

Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari doirasida qo‘shma hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikning o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarini topish uchun ikki tomonlama aloqalarni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Hujjatning imzolanishi O‘zbekistonning Afrika qitʼasi bilan o‘zaro hamkorligini faollashtirishda muhim qadam bo‘ldi.

Shu tariqa, Afrikaning shimoli-sharqida joylashgan Eritreya davlati O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan 162-davlat bo‘ldi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling