Andijonda hokim o‘rinbosari pora bilan qo‘lga olindi

Hozirda barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Hokim o‘rinbosari, statistika va pensiya jamg‘armasi bo‘limlari rahbarlarining qilmishlari fosh etildi, deb xabar berdi DXX.

Maʼlum qilinishicha, Xonobod shahar hokimi o‘rinbosari va spirtli ichimliklar savdosi bilan shug‘ullanuvchi MCHJning muqaddam sudlangan rahbari o‘zaro til biriktirgan. Ular mahalliy tadbirkorga matras, profnastil va bolalar tagliklari ishlab chiqarish korxonasini tashkil etishi uchun hokimlik zaxirasida bo‘lgan 4 gektar yerni alohida lot sifatida auksion savdoga qo‘ydirib, 2 mlrd so‘mga yutib, uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 20 ming dollar olgan vaqtlarida ushlandi. 

Andijon tumani hokimining sobiq o‘rinbosari, Andijon shahar statistika bo‘limi boshlig‘i va 2 nafar shaxs o‘zaro til biriktirgan. Ular kelgusida bolalar mahsulotlari ishlab chiqarish uchun zavod qurmoqchi bo‘lgan tadbirkorga “Ipak yo‘li” erkin iqtisodiy zonasi hududidan 6 gektar yerni auksion savdo orqali olib berish evaziga 600 ming dollar talab qilib, oldindan 150 ming dollar olgan vaqtlarida ushlandi.

Shuningdek, mazkur noqonuniy ishga Raqobat qo‘mitasining Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘ining sobiq birinchi o‘rinbosari, hozirda xususiy bandlik agentligi boshlig‘i bo‘lib ishlab kelayotgan fuqaroning ham aloqadorligi aniqlanib, u ushbu masalada tadbirkorga yordam berish evaziga muqaddam 11 ming dollar olganligi maʼlum bo‘ldi. 

Bulardan tashqari, Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasining Ohangaron tuman bo‘limi boshlig‘i mahalliy fuqaroning yo‘qolgan mehnat daftarchasini tiklab, uni yoshga doir pensiyaga chiqarib berish evaziga 1500 dollarni pora sifatida olgan vaqtida ushlandi.

Ushbu mansabdor shaxs muqaddam sudlangan bo‘lgan.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda. 

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling