Bolalarni it kabi akillatgan defektolog bo‘yicha tekshiruv boshlandi

D.J ning bola manfaatlariga zid harakatlari yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini go‘yoki defektolog-psixolog deb atagan D.J duduqlangan bolalarni so‘kinish va qo‘rqitish usulida davolashga uringani aks etgan videolar tarqaldi. Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani izoh berdi.

Maʼlum qilinishicha, pedagog D.J ning ish usuli mutlaqo ilmiy asoslanmagan, murakkab duduqlanish muammosiga tor va ibtidoiy yondashuvda ekanligi, D.J ning duduqlanishni bartaraf etishda qo‘llayotgan ruhiy va jismoniy zo‘ravonlik usullari bolalarning sog‘lig‘i va tarbiyasiga jiddiy zarar keltirishi hamda pedagogika qoidalariga butunlay zidligi to‘g‘risida xulosa berilgan. 

Buning asosida Bolalar ombudsmani tomonidan prokuratura organlariga holatga huquqiy baho berish to‘g‘risida so‘rov kiritilgan va D.J ga nisbatan jinoyat ishi yurituvi olib borilgan.

Ma‘lum vaqt o‘tganidan so‘ng D.J avvalgidek duduqlanishi bo‘lgan bolalar bilan o‘zining ilmiy asoslanmagan, defektologiyaga daxli yo‘q amaliyotini davom ettirgani kuzatildi. 

D.J ning bola manfaatlariga zid harakatlari yuzasidan 2025- yilning 2-iyun kuni Bolalar ombudsmani Bosh prokuraturaga tegishli so‘rov yubordi. 

Natijada 25-iyun kuni Yunusobod tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishini tugatish to‘g‘risidagi qaror bekor qilinib, ish hujjatlari tergov harakatlarini olib borish uchun Yunusobod tuman IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limiga yuborilgan. 

4-iyul kuni tergov bo‘limi tomonidan D.J ning bola manfaatlariga zid harakatlari yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bolalar ombudsmani bola manfaatlari nuqtai nazaridan mazkur ish bo‘yicha o‘z kuzatuvini davom ettiradi. 

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling