Prezidentning “Respublikada sog‘liqni saqlash tizimini va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish tamoyillarini takomillashtirish orqali sohani isloh qilishni izchil davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning yangi tizimini joriy etishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
- xalqaro tajribaga asoslangan aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning yangi modelini joriy qilish;
- aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishda oilaviy shifokor ulushini 70 foizga yetkazish;
- sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish hamda tibbiyotda qog‘ozbozlikni kamaytirish orqali tibbiyot xodimlari ish yuklamasini 30 foizgacha kamaytirish;
- 2025-yil 1-iyuldan mazkur farmonda belgilangan tuman (shahar)larda, 2026-yil 1-yanvardan Samarqand viloyatining barcha tuman (shahar)larida tajriba-sinov tariqasida sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli (tajriba-sinov loyihasi) joriy qilinadi.
Tajriba-sinov loyihasi doirasida tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari negizida tuman (shahar) sog‘liqni saqlash bo‘limlari tashkil etiladi.
Farmonga ko‘ra, tajriba-sinov loyihasi doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimida quyidagilar yo‘lga qo‘yiladi, jumladan:
- oilaviy poliklinikalar, oilaviy shifokor punktlari,
shu jumladan, ularga filial sifatida biriktirilgan muassasalar hamda mahalla tibbiyot punktlari biriktirilgan aholi sonidan kelib chiqib, yuridik maqomga ega oilaviy poliklinikalarga hamda ularning filiallariga aylantiriladi;
oilaviy poliklinikalarda aholiga tibbiy yordam ko‘rsatuvchi oilaviy shifokor, pediatr, akusher-ginekolog va tashxislash xizmatlarini ko‘rsatuvchi mutaxassislar, shuningdek, autsorsing asosida stomatologiya xizmati yo‘lga qo‘yiladi;
- aholiga oilaviy shifokorni erkin tanlash huquqi beriladi.
Shuningdek, tibbiyot brigadasiga 3 ming nafar, zarur hollarda, belgilangan meʼyorlarga qo‘shimcha aholi biriktirilishi mumkin. Bunda 2030 yilga qadar 1 tibbiyot brigadasiga ko‘pi bilan 1,7 ming nafar aholi biriktirilishi strategik maqsad etib belgilanadi.
Oilaviy poliklinikalarda tibbiyot xodimlari faqat to‘liq stavkada faoliyat yuritadi. Oilaviy poliklinikadan 10 kilometrdan uzoq masofada joylashgan mahalla fuqarolar yig‘inlarida yashovchi aholi uchun tibbiyot xodimlarining sayyor tibbiy xizmati yo‘lga qo‘yiladi.