Alisher To‘xtayev O‘zbekistonning Shri-Lankadagi elchisi etib tayinlandi

Elchi ushbu mamlakat Davlat protokoli rahbari Rohana Ambagollaga ishonch yorlig‘i nusxalarini topshirdi.

Alisher To‘xtayev O‘zbekistonning Shri-Lankadagi birinchi elchisi (qarorgohi Islomobod shahrida joylashgan) etib tayinlandi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Elchi ushbu mamlakat Davlat protokoli rahbari Rohana Ambagollaga ishonch yorlig‘i nusxalarini topshirdi.

Uchrashuv avvalida Rohana Ambagolla O‘zbekiston rahbariyatiga Shri-Lankada ilk elchisini tayinlagani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Uning taʼkidlashicha, mazkur qadam ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash yo‘lidagi muhim siyosiy qaror bo‘lib, o‘zaro hamkorlikka yangi surʼat bag‘ishlaydi.

Shri-Lankaning O‘zbekiston bilan yangi formatdagi hamkorlikka ochiqligi tasdiqlandi hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning global Janub bilan yaqinlashish, oziq-ovqat xavfsizligi va mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash bo‘yicha tashabbuslari yuqori baholandi.

Shri-Lanka rasmiysi Alisher To‘xtayevning Kolombo shahridagi faoliyati barcha yo‘nalishlarda tizimli va samarali ishlash uchun mustahkam asos yaratishiga ishonch bildirdi.

Shri-Lanka O‘zbekiston bilan barcha yo‘nalishlarda, xususan, savdo, logistika, taʼlim va turizm sohalarida amaliy hamkorlikni jadal kengaytirishdan manfaatdor ekanligini alohida qayd etildi.

Ikki mamlakat o‘rtasida iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish masalalari, o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarning istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Ikki tomonlama savdo aylanmasining hozirgi hajmi qoniqarsiz ekani qayd etilib, ushbu ko‘rsatkichni yaqin istiqbolda 50 million dollarga yetkazish uchun aniq choralarni ko‘rishga kelishib olindi.

Eksport va import suratlarini oshirish uchun transport va logistika yechimlarini birgalikda ishlab chiqish, axborot texnologiyalaridan unumli foydalangan holda onlayn platforma va dasturlarni ishlab chiqish hamda yo‘lga qo‘yish masalalari xususida fikr almashildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling