Prezident Shavkat Mirziyoyev Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasida nutq soʻzladi.
Davlat rahbari jahonda yuz berayotgan bugungi global oʻzgarishlar Parlamentlararo Ittifoq va milliy parlamentlarimiz oldiga yangidan-yangi vazifalarni qoʻyayotganini taʼkidladi.
"Hozirgi vaqtda O‘zbekiston ushbu Tashkilotning to‘laqonli a’zosi sifatida uning barcha tuzilma va forumlari ishida faol ishtirok etib kelmoqda. Global kun tartibidagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha sermahsul amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz.
Ijozatingiz bilan quyidagi masalalarga alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman.
Birinchi. Jahonning turli mintaqalaridagi nizolar global va mintaqaviy tinchlik va xavfsizlikka jiddiy tahdid solmoqda.
O‘zbekiston har qanday ziddiyat va qarama-qarshiliklarni faqat diplomatiya va tinch muzokaralar yo‘li bilan hal etishning qat’iy tarafdori ekanini yana bir bor ta’kidlamoqchiman.
Umid qilamizki, Ukraina atrofidagi vaziyat bo‘yicha boshlangan muzokaralar jarayoni o‘zining ijobiy natijasini albatta beradi.
Eng og‘riqli muammolarga xalqaro huquqning umume’tirof etilgan me’yorlari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomi va rezolyutsiyalari asosida yechim topish muhim, deb hisoblaymiz.
Jumladan, Falastin – Isroil nizosining yagona va adolatli yechimi “ikki xalq uchun – ikki davlat” tamoyilini ro‘yobga chiqarishdan iboratdir.
Bizga qo‘shni bo‘lgan Afg‘oniston haqida to‘xtalib o‘tmaslik mumkin emas. Ushbu mamlakatning xalqaro maydonda yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik, amaldagi hukumat bilan konstruktiv muloqot o‘rnatish, Afg‘onistonga Markaziy Osiyo mintaqasining ajralmas qismi va yangi imkoniyatlar makoni sifatida qarash lozim, deb hisoblaymiz. Bu borada parlamentlarning ko‘magiga ishonamiz.
Umuman olganda, O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotini universal va muqobili yo‘q yagona global tuzilma sifatida e’tirof etadi. Biz bu borada Bosh kotib Antoniu Guterrishning mazkur xalqaro tashkilotni chuqur isloh qilish, uning salohiyatini oshirish bo‘yicha olib borayotgan tizimli sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz.
Shu bilan birga, Yevrosiyo guruhining Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan bayonotini to‘la olqishlaymiz.
Ikkinchi. Davrimizning o‘tkir muammosiga aylangan, sayyoramiz taraqqiyotiga jiddiy to‘siq bo‘layotgan iqlim o‘zgarishlari doimo diqqatimiz markazida bo‘lishi kerak. Chunki uning ayanchli oqibatlari, eng avvalo, rivojlanayotgan mamlakatlarga kuchli ta’sir ko‘rsatmoqda.
Parij bitimi doirasida va uglerod neytralligiga erishish borasida o‘z zimmamizga olgan majburiyatlarni to‘liq bajarish har qachongidan ham muhimdir.
Bu masalalarni kuni kecha Samarqandda bo‘lib o‘tgan xalqaro iqlim forumida ham atroflicha muhokama qildik.
Davlatlarning iqlim siyosati bo‘yicha ilg‘or tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, qayta tiklanadigan energiya manbalari va “yashil” texnologiyalarga o‘tishni rag‘batlantirish parlamentlarning muhim vazifasiga aylansa, albatta, salmoqli yutuqlarga erishamiz.
Iqlim o‘zgarishi mavzusi Assambleyaning kun tartibidagi bosh masalalardan biri sifatida doimiy o‘rin olishi kerak, deb hisoblaymiz.
Uchinchi. Xotin-qizlar huquqlarini qat’iy qaror toptirish ijtimoiy taraqqiyotning asosiy shartlaridan biridir.
Tahlillarga ko‘ra, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida ayollarning erkaklar bilan teng ishtiroki ta’minlansa, jahon yalpi ichki mahsuloti hajmi 26 foizga o‘sadi. Dunyo miqyosida ayol deputatlarning ulushi 1995 yildagi 11,3 foizdan joriy yilga kelib 27,2 foizga ko‘tarilgani albatta quvonarli holdir.
Jamiyat boshqaruvida ayollar faolligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ta’sirchan choralar yordamida, hech shubhasiz, yangi natijalarga erishamiz.
So‘nggi yillarda yurtimizda Birlashgan Millatlar Tashkiloti institutlari va Parlamentlararo Ittifoq bilan hamkorlikda Osiyo xotin-qizlar forumi va Jahon parlamentlari ayol rahbarlarining 14-sammiti samarali o‘tkazilganini alohida ta’kidlamoqchiman.
Shu bois bizning tashabbusimiz bilan ilgari surilayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining “Osiyo xotin-qizlarining ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va madaniy-gumanitar faolligini oshirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatlashingizga umid qilaman.
To‘rtinchi. Yoshlarning parlament faoliyati bilan bir qatorda jamiyat hayotining barcha jabhalarida to‘laqonli ishtirok etishi uchun ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish o‘ta dolzarb masaladir.
Parlamentlar uchun yangi avlodni tarbiyalash, bu borada samarali xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kelajagimizning muhim omilidir. Shu bois milliy parlamentlar hamda Ittifoq faoliyatiga yoshlarni faol jalb etib, doimiy muloqotni kuchaytirish zarur, deb o‘ylayman. Bu borada Parlamentlararo Ittifoq tizimi doirasida Yoshlar parlamentlari global platformasini tashkil etish va uning ta’sis forumini O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qilaman.
Beshinchi. Har bir insonning ijtimoiy himoyaga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash, xalqaro standart va me’yorlar asosida sifatli xizmatlar ko‘rsatish har qachongidan ham dolzarb masaladir.
Biz O‘zbekistonni ijtimoiy davlat, deb e’lon qilib, aholining har tomonlama himoyasini ta’minlashni siyosatimizning ustuvor yo‘nalishi etib belgiladik. “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshiryapmiz.
Oxirgi sakkiz yilda 7 milliondan ziyod aholi kambag‘allikdan chiqarilib, uning darajasi 35 foizdan 8,9 foizga tushirildi. Joriy yilda bu ko‘rsatkichni 6 foizga pasaytirishni maqsad qilganmiz.
Shu yil sentyabr oyida yurtimizda bo‘lib o‘tadigan kambag‘allikni qisqartirishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya ishida davlatlaringiz parlamentlari vakillarini faol ishtirok etish uchun taklif qilamiz.
Yana bir muhim masala. Hozirgi kunda barcha jabhalarga keng kirib kelayotgan sun’iy intellekt sohasida tizimli hamkorlikni kuchaytirishni bugungi zamonning o‘zi bizdan talab etmoqda.
Sun’iy intellektdan foydalanish etikasi bo‘yicha model qonun ishlab chiqilsa, ushbu innovatsion huquqiy asos dunyo miqyosida tez rivojlanayotgan ushbu sohani samarali tartibga solishda barcha davlatlar uchun o‘ziga xos namuna bo‘lar edi", - dedi davlat rahbari.