Prezident “Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi.
Farmonga koʻra, 2025-yil 1-yanvardan boshlab:
- mehribonlik uylari va bolalar uylariga kam taʼminlangan oilalarning farzandlarini vaqtinchalik qabul qilish tartibi bekor qilinadi;
- yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan yoshlarga taʼlim olish, bandligini taʼminlash, davolanish hamda uy-joy sharoitlarini yaxshilash uchun ijtimoiy yordam koʻrsatiladi;
- tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslariga yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni farzandlikka olish istagini bildirgan nomzodlar ham qamrab olinadi;
- bosqichma-bosqich Andijon viloyati, Toshkent shahri hamda Samarqand viloyatida kichik hajmli bolalar uyi tashkil etiladi;
- “Mehr daftari” jamgʻarmalari tugatiladi.
2025-yil 1-fevraldan boshlab farzandini tarbiyalashdan voz kechmoqchi boʻlgan onalar, shu jumladan, homilador ayollar uchun bolalar uylarida “Onalar maskani” xizmati yoʻlga qoʻyiladi. “Onalar maskani”da:
- onalar va ularning bolalari (4 yoshga toʻlmagan) 1 yilgacha boʻlgan muddatga ijtimoiy shartnoma asosida vaqtincha boshpana bilan taʼminlanadi;
- ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy xizmatlar koʻrsatiladi, onalik va kasbiy koʻnikmalar shakllantiriladi;
- onalarning kasb-hunar egallashi va bandligini taʼminlashga koʻmaklashadi.
Farmon bilan 2025-yil 1-martdan boshlab yolgʻiz ona (ota)ga bir nafar farzandi uchun bola(lar) 3 yoshga toʻlguniga qadar maktabgacha taʼlim xizmatidan foydalanish uchun BHMning 1 yarim baravarigacha (562 ming 500 soʻmgacha) miqdorda moddiy yordam beriladi (bunda moddiy yordam egizaklarning har biri uchun beriladi).
2025-yil 1-fevraldan boshlab:
- oilaviy bolalar uyini tashkil etish uchun oilaning er va xotindan iborat toʻliq oila boʻlishi talabi bekor qilinadi;
30 yoshga toʻlgan fuqarolarga oilaviy bolalar uyini tashkil etishga ruxsat etiladi;
- ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar oilaga tarbiyaga (patronat) faqat ularning qarindoshlariga beriladi;
- yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning yashash xarajatlari, oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolarga bolani tarbiyalagani (parvarishlagani) uchun ajratiladigan mablagʻlar tarbiyalanuvchilar umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va boshlangʻich professional taʼlim muassasalarini tamomlaguniga qadar beriladi.
Farmon bilan “Inson” markazlari bolaning sogʻligʻini tiklash va reabilitatsiyasi uchun qoʻshimcha xarajatlarni bola foydasiga undirish boʻyicha sudga murojaat qilganda davlat bojini toʻlashdan ozod etildi.
Endilikda aliment toʻlayotgan ota yoki onaning moddiy ahvolidan qatʼi nazar davlat yoki nodavlat muassasalarning toʻliq taʼminotida boʻlgan voyaga yetmagan bolaga toʻlanayotgan aliment miqdorini sud tomonidan kamaytirish yoki uni aliment toʻlashdan ozod qilinmaydi.
Oliy taʼlim muassasalarini tamomlagan yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan yoshlar davlat fuqarolik xizmatiga tanlovsiz qabul qilinadi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling