Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-dekabr kuni Qashqadaryo viloyatida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, investitsiyalarni koʻpaytirish, kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.
Sanoat, energetika, qishloq xoʻjaligi, turizm kabi barcha yetakchi sohalar boʻyicha Qashqadaryoning salohiyati yuqori. Yil boshidan buyon viloyatda 2 milliard dollar investitsiya oʻzlashtirilgan. 565 ming nafar aholining bandligi taʼminlanib, 90 ming odam kambagʻallikdan chiqarilgan. Yil yakunigacha yalpi hududiy mahsulot 6 foizdan ziyod oʻsishi, eksport 555 million dollarga yetishi kutilmoqda.
Viloyat salohiyati toʻla ishga solinsa, natijalar bundan ancha koʻp boʻladi. Yigʻilishda shu boradagi qoʻshimcha imkoniyatlar, yangi loyihalar koʻrib chiqildi.
Avvalo, oziq-ovqat xavfsizligi masalasi ustuvor boʻladi. Keyingi yildan Qashqadaryo kartoshka, meva, parranda goʻshti va tuxum boʻyicha oʻzini oʻzi toʻliq taʼminlashga oʻtadi. Bu borada xorijiy investorlar ishtirokida 16 ta yirik loyiha shakllantirilgan.
Misol uchun, Gʻuzor, Qamashi, Shahrisabz tumanlarida 300 gektarda zamonaviy bogʻ barpo etiladi. Unda yiliga qoʻshimcha 4 ming tonna meva yetishtirilib, 600 ta ish oʻrni yaratiladi. Koʻkdala, Chiroqchi, Shahrisabz, Koson va Nishon tumanlari hududida qovun va organik sabzavotlar yetishtirish kengaytiriladi. Tarvuz konsentranti tayyorlash, shok usulida muzlatish va sublimatsion quritish yoʻlga qoʻyiladi.
Viloyatda chorvachilikni rivojlantirishga alohida urgʻu beriladi. Mintaqa va Yevropa davlatlaridan 62 ming bosh qoʻy, qariyb 10 ming bosh qoramol olib kelinib, aholi va chorvachilik xoʻjaliklari bilan kooperatsiya asosida boqiladi. Qarshi va Qamashida 1 ming boshli chorvachilik klasteri, 1 million boshli parrandachilik fabrikasi tashkil etiladi.
Paxtachilikda tayyor mahsulotlar ulushini koʻpaytirish maqsadida 233 million dollarlik 5 ta toʻqimachilik korxonasi ishga tushiriladi. Natijada mato ishlab chiqarish quvvati 51 foizga koʻtariladi.
Shahrisabzdagi Miraki va Qamashidagi Maydanak qishloqlari, Mirishkor tumanidagi “Achinkoʻl” va “Sechankoʻl” atrofida turizm jadal rivojlanmoqda. Shu kabi maskanlarga 300 million dollar investitsiya kiritib, 200 dan ziyod mehmon uylari va mingta savdo shoxobchasi tashkil etish rejalashtirilgan. Ularda 5 ming kishi ishli boʻladi.
Tadbirkorlar viloyatdagi 147 ta noruda qazilma konlari negizida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni taklif qilayapti. Bunga 209 million dollar investitsiya kiritiladi, konlar bosqichma-bosqich auksionga chiqariladi.
Prezident farmoniga muvofiq, shu yil 1-noyabrdan yurtimizda “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi boshlandi. Qashqadaryodagi 6 ta yirik korxona bu xayrli ishga hissa qoʻshib, keyingi yil 10 mingdan ziyod fuqaroni kambagʻallikdan chiqarish tashabbusini bildirgan. Bundan tashqari, banklar ishtirokida 86 ta drayver loyihani va 33 mingta mikroloyihani ishga tushirib, yana 70 ming insonni daromadli qilish koʻzda tutilgan. Bular orqali viloyatda kambagʻallik darajasi hozirgi 8,6 foizdan 6,5 foizga pasayadi.
Yigʻilishda Qashqadaryo viloyati hokimi shu kabi rejalarni taqdimot qildi. Jumladan, kelgusi yilda 3 milliard 500 million dollar investitsiya jalb qilish, eksportni 1 milliard dollarga yetkazish, 300 ming ish oʻrni yaratish moʻljallangan.
Davlatimiz rahbari bugungi koʻrsatkichlar viloyat imkoniyatlariga mos emasligini taʼkidlab, natijadorlikni oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Tashabbuskorlar bilan ishlab, sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmatlar sohasida yana 300 million dollarlik loyihalarni ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling