Fazliddin G'oibnazarov qilgan ovda qonunbuzarlik holati mavjudligi aniqlandi

Qonunbuzarlik holati yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilgan

Foto: Instagram

Foto: Instagram

Oʻzbekistonlik taniqli bokschi, Rio Olimpiadasi chempioni Fazliddin Gʻoibnazarovning qush ovlagani aks etgan video va suratlar ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab boʻlgandi.

Tabiat resurslari vazirligi matbuot xizmati mazkur holat boʻyicha munosabat bildirdi. 

Taʼkidlanishicha, ushbu holat 2022-yilning 30-dekabr kuni Toshkent viloyatining Bekobod tumanidagi Sirdaryo daryosida kuzatilgan. Fuqaro tomonidan qushlar ovlangan. Oʻljalar bilan bevosita boshqa fuqarolar qatorida sportchi Fazliddin Gʻoibnazarov ham foto va videotasvirga tushgani oʻz tasdigʻini topgan.

“Oʻrganishlar davomida ovni amalga oshirgan fuqaroning ov qilishga tegishli hujjatlari mavjudligi, u ovchilik jamiyatidan roʻyxatdan oʻtganligi aniqlandi. Biroq, u ov jarayonida belgilangan meʼyorlarga amal qilmagan holda ov qilish qoidalarini qoʻpol tarzda buzganligi va bu bilan tabiatga zarar yetkazganligi maʼlum boʻldi”, — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 90-moddasiga (ov qilish qoidalarini buzish) asosan huquqbuzarga nisbatan jarima va hayvonot olamiga yetkazilgan zarar miqdori hisoblanib, ov qurollari Toshkent viloyati Boʻka tumani IIBga belgilangan tartibda topshirilgan.

“Yuqoridagi holat yuzasidan barcha ishtirokchilardan bunday holat boshqa takrorlanmasligi toʻgʻrisida tushuntirish xatlari olinib, profilaktik suhbat oʻtkazildi”, — deyiladi vazirlik axborotida.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling